O‘zbekistonda Toshkent shahri hududini Toshkent viloyati tumanlari hisobidan kengaytirish bo‘yicha hujjat tayyorlanmoqda. Bu haqda “Kommersant.uz” xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, poytaxtni kengaytirish zarurati shaharda yirik qurilish loyihalari amalga oshirilayotgani, shu munosabat bilan bir qator turar joy va ma’muriy binolar buzilishi ko‘zda tutilgani bilan bog‘liq.
“Yangi hududlarni poytaxtga qo‘shib olish bu yo‘qotishlar o‘rnini qoplash imkonini beradi. Ayni vaqtda, Toshkent viloyatining bir qator tumanlari aholisi poytaxt shahar propiskasini qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
“Vakolatli davlat tuzilmalari tomonidan poytaxtga yondosh hududlar o‘rganib chiqilgan va izchil inventarizatsiyadan o‘tkazilgan. Shaharni bir necha — Qibray, Yangiyo‘l, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Zangiota va O‘rta Chirchiq tumanlari yo‘nalishida kengaytirish taklif qilingan”, — deb yozadi “Kommersant.uz” hukumatdagi manbaga asoslanib.
Manba so‘zlariga ko‘ra, Toshkent qaysi yo‘nalish bo‘yicha va viloyatning qaysi tumanlari hisobidan kengaytirilishiga hukumat yoki Prezidentning qarori bilan aniqlik kiritiladi. Biroq, uning qayd etishicha, bu hujjat aynan qachon imzolanishi hozircha noma’lum.
Toshkent shahri hududi yaqin vaqt ichida kengayishi mumkin ekani haqidagi xabarlar birinchi marta paydo bo‘layotgani yo‘q. Noyabr oyi oxirida UZ24 nashri o‘z manbasiga asoslanib 2018-yildan poytaxt hududi 1,5 barobarga kengayishi haqida xabar bergan, so‘ng bu xabarini o‘chirib tashlagan edi.
Rasmiy idoralar bu kabi xabarlar va ular ortidan paydo bo‘lgan mish-mishlarga hozircha hech bir munosabat bildirgani yo‘q.
Izoh (0)