Yangiliklarning deyarli har bir sonida Shimoliy Koreya haqidagi reportajga duch kelamiz. Buyuk yo‘lboshchi Kim Chen In osmonga ko‘tarilgan raketaga qarab huzurlanadi, erinchoqlik bilan chapak chalib, jilmayadi. Uning qo‘li ostidagilar “O‘rtoq Kim, Seulni olov dengiziga aylantiramiz! Amerikaliklarni jazolaymiz!” deb qichqiradi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika yoki uning ittifoqchilarini himoya qilish zarurati yuzaga kelsa, Shimoliy Koreyani yo‘l qilishga va’da beradi, deb yozadi “Novaya gazeta”.
Kimlar sulolasi
Shimoliy Koreyani yetmish yildan buyon Kimlar sulolasi boshqaradi. KXDR asoschisi Kim Ir Sen mamlakatni katta o‘g‘li Kim Chen Irga meros qoldirdi. Taxtni meros qoldirish qonunlari hamma joyda bir xil: bu to‘ng‘ichning huquqi. Nega Kim Chen Ir taxtni uchinchi, kichik o‘g‘liga qoldirdi?
U o‘zining birinchi rafiqasini eridan olib ketdi. Biroq nikoh maxfiyligicha qoldi. O‘g‘li Kim Chon Namni chetga o‘qishga yuborishdi. Sobiq Ittifoqqa. Moskva unga ma’qul kelmadi: qulay emas. Kim Chon Nam Shveysariyaga ko‘chirildi. U Pxenyanga qaytganda esa uyi ham, oilasi ham yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Otasi boshqa ayol bilan yashar, ularning o‘z farzandlari ulg‘ayayotgan edi. Bundan katta o‘g‘il juda kuyunardi.
Pxenyandagi zerikarli hayot unga yoqmadi. Istagan barcha narsasi bor ekanligiga qaramasdan, u tushkunlikka tushdi. U bu yerdan ketishni istadi. Otasi rozi bo‘ldi.
Xastalik Kim Chen Irni merosxo‘r tanlashda shoshilishga majbur qildi. Uning o‘g‘illari to‘rtta edi. Turli rafiqalaridan. U nafsoniyati, qat’iylik va sobitqadamligini e’tiborga olib, kichik o‘g‘lini tanladi: Kim Chen In asirga olmaydiganlar xilidan.
Kichik o‘g‘il
Kim Chen In ulg‘ayganda o‘qish uchun Shveysariyaga yuborildi. Boshqa nom ostida. U shveysariyalik tengdoshlaridan kalta edi. Onasi basketbol o‘ynasa o‘sishini ta’kidlar edi. U yutqazishni yomon ko‘rardi. Unga bir yo‘la bir necha juft Nike krossovkalarini xarid qilishdi. Bir jufti 200 dollar turadigan bunday krossovkalar sinfidagi hech kimda yo‘q edi. Bu qurg‘oqchilik tufayli Shimoliy Koreyada odamlar ochlikdan o‘layotgan yil edi. Ta’tilda uni Parijga, Disneylendga olib borishar edi.
Kichkina Kim hayotdan zavqlanar va otasining boshqaruvini kuzatar edi. Otasi oz muddat avval yoqtirgan insonlaridan qanday voz kechganligini ko‘rdi. Boshqa bir dars: hech kimga ishonmaslik kerakligini o‘zlashtirdi.
Bo‘lajak yo‘lboshchi tabiatan quloqsiz va sabrsiz edi, jahli tez chiqib ketardi.
Aka-ukaning yo‘llari ayro tushdi
Katta o‘g‘ilga chet el banklaridagi oilaviy hisoblar ishonib topshirildi. Gap turli yo‘llar bilan topiladigan, biroq mamlakatga kirmaydigan milliardlab dollarlar haqida bormoqda.
Kim Chen Ir 2011-yilning 17-dekabrida yurak xurujidan vafot etdi. Katta o‘g‘li u bilan vidolashish uchun Pxenyanga keldi. Kichik uka u bilan ko‘rishishni istamadi. Siyosiy byuro majlisida Kim Chen In bosh qo‘mondonlikka tasdiqlandi.
Kim Chen In ishni daxlsizlar yo‘qligini mamlakatga ko‘rsatishdan boshladi!
Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi kengaytirilgan majlisida o‘z amakisini hibsga oldi. Mamlakat hokimiyat tepasiga kim kelganligini anglab yetishi kerak edi. Sudda davlat to‘ntarishi tayyorlayotganligini tan olgan amakisini qatl etishlarini buyurdi.
Kim Chen Inning akasi Yaponiyaning “Asaxi” telekompaniyasi jurnalistlariga “Hokimiyatning meros bo‘lib o‘tishiga qarshiman. Kichik ukam mamlakatni boshqarish uchun zarur xislatlarga ega deb hisoblamayman” dedi.
Uka bu so‘zlarni qarshi chiqish deb qabul qildi.
O‘ta shafqatsizlik bilan
Kim Chon Nam yengil pidjak va jinsi, yelkasida ryukzak bilan Kuala-Lumpur aeroportidan uchib ketayotgan edi. Unga ikki yosh ayol yaqinlashdi. Ulardan biri uni chalg‘itib, ikkinchisi yuziga allaqanday suyuqlikni sepib yubordi. Suyuqlik teriga yaxshiroq singishi uchun ustidan ro‘molcha tashladi. Ro‘molchani o‘n soniyacha ushlab turgandan keyin har ikkala ayol qochib ketdi.
Kim Chon Nam shu zahoti ko‘r bo‘lib qoldi. Shimoliy Koreya yetakchisining katta akasi 20 daqiqadan so‘ng tez yordam mashinasida vafot etdi.
Malayziya sog‘liqni saqlash vaziri Subramanyam Satasivam Kim Chon Nam o‘limiga asablarni falaj qiluvchi VX zaharli moddasi sabab bo‘lganligini ma’lum qildi. Uni hech qanday zaharga qarshi vosita qutqara olmas edi.
VX — jangovar zaharlovchi modda bo‘lib, uni ishlab chiqarish taqiqlangan.
Bu Pxenyan xo‘jayinining tashqi olamga: bizda kimyoviy qurol ham bor degan yana bir signali bo‘ldi.
Qo‘lda bomba bilan baxt
Yangi hukmdorning tashqi ko‘rinishi bobosi — buyuk yo‘lboshchi Kim Ir Senni eslatadi. Bu uning foydasiga ahamiyati kichik bo‘lmagan argumentdir. U bejizga aynan shunday french va soch turmagi bilan yurmaydi...
Kim Chen Inni savdoyi, hayotdan uzoq oyparast deb atashadi... Biroq u aqldan ozmagan. U undan qo‘rqishlarini istaydi. U qo‘llari hamma joyga yetishini hamma tushunib yetishi uchun mamlakat, uning tashqarisida ham odamlarni o‘ldiradi.
Kim Shimoliy Koreyani yadro mamlakati deb tan olishlariga umid qilmoqda. Shunda uni hech kim ag‘dara olmaydi. Kim Chen Inning doimiy yadro va raketa provokatsiyalari tufayli Koreya yarim orolida tinimsiz yomonlashayotgan vaziyat dunyoni urushga yetaklamoqda.
Shimoliy koreyalik fizik va raketachilar muvaffaqiyatiga uzoq vaqt ishonishmadi. Biroq 2006-yilning 9-oktabrida ilk muvaffaqiyatli yadro quroli sinovi haqida ma’lum qilindi. Bugun Pxenyan nimalarga ega?
KXDR allaqachon 20 tadan 30 tagacha yadroviy qurol-aslahaga ega. Har yili yettitagacha yadro qurol-aslaha ishlab chiqarishga qodir. 2018-yilda ular atom elektr stansiyasi qurilishini yakunlagandan so‘ng esa o‘nta jangovar kallak chiqara oladi. Hozirda parvoz davomiyligi to‘rt ming kilometrgacha bo‘lgan raketani sinovdan o‘tkazmoqda va u ikki yil davomida qurollanishga qabul qilinadi. Qit’alararo raketa ishlab chiqarilishi oxiriga yetkazilishi uchun yana uch—to‘rt yil kerak. Shuningdek, suv osti raketa tashuvchilari sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuning uchun yaqin vaqt ichida Shimoliy koreyaliklar raketa-yadro qurolining to‘liq nomenklaturasiga ega bo‘ladi. Ikki yildan so‘ng Amerika bazalari va ittifoqchilariga zarba berish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Pxenyan ommaviy qirg‘in qurolidan voz kechmaydi: parchalangan atom — hokimiyatni saqlab qolish kafolati. Qolaversa, eng yaxshi shantaj vositasi: qo‘rqitib, yon bosishga erishish, iqtisodiy yordam olish va amerikaliklarni KXDRni tan olishga ko‘ndirish mumkin.
Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi plenumida shunday deydi:
— Yadro quroli — tutib turuvchi, mamlakat suverenitetini ta’minlovchi qudratli kuch. Bu qimmatbaho qilich.
Va takabburlik bilan dunyoni ogohlantirdi:
— Mamlakatimiz Sharqning eng kuchli dushman ham yenga olmaydigan harbiy mamlakatidir.
Kompyuter xatosi
“O‘n yil avval, Lyuksemburg forumida ishlay boshlaganimda, yadro halokati haqida gapirish o‘rinsizdek edi. Prezidentlar Medvedev va Obama 2011-yilda yadro qurolini cheklash haqidagi bitimni imzoladi. Endi esa yadro halokati reallikka aylanmoqda. Va bugun kutilmagan yadro urushi yuzaga kelishi oldini olish mexanizmi yo‘q”, — deydi Igor Ivanov.
Uning so‘zlariga javob qaytararkan, AQSh sobiq mudofaa vaziri Uilyam Perri o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi: “1979-yil oktabri, vazir o‘rinbosari ekanligimda, tungi uchda qo‘ng‘iroqdan uyg‘ondim. Shimoliy Amerika aerokosmik mudofaasi birlashgan qo‘mondonligi navbatchi generali uning kompyuterlari AQSh tomonga 200 ta sovet raketasi uchayotganligini ko‘rsatayotganligini ma’lum qildi. Yuragim to‘xtab qolay dedi. Biroq generalning tahlika yolg‘on ekanligiga ishonchi komil edi. U kompyuterdagi xatolik sababini topishga yordam berishimni so‘radi.
Buni aniqlash uchun bir necha kun kerak bo‘ldi! Operator yanglishib kompyuterga hujum qilishning real ssenariysi tuzib chiqilgan o‘quv dasturini o‘rnatgan. Bir kishining xatosi butun sivilizatsiyaning yo‘q qilinishiga olib kelishi mumkin edi. Dunyoni nima saqlab qoldi? Navbatchi general.
Yolg‘on trevoga signali Yaqin Sharqdagi inqiroz vaziyatida kelib tushsa-chi? Buni navbatchi prezidentga yetkazar, prezidentning esa qaror qabul qilish uchun o‘n daqiqa vaqti bo‘lar edi. Amerika qit’alararo ballistik raketalarini uchirish haqida buyruq berilgan taqdirda esa uni bekor qilish yoki parvoz davomida raketalarni yo‘q qilishning hech qanday imkoni yo‘q. Yadro urushi shu tarzda boshlangan bo‘lar edi. Odamlar esa bundan keyin ham adashadi, mashinalar ham buzilib turadi...”.
Izoh (0)