Iroq hukumat qo‘shinlari mamlakat g‘arbidagi Rava shahrini nazoratga oldi. Bu punkt mudofaa vazirligi tomonidan IShIDning Iroqdagi oxirgi tayanch nuqtasi deb ataldi. Mamlakat mudofaa vaziri Irfon Mahmud al-Xayyoliy bosh vazir Haydar al-Abadiyni shahar ozod qilingani bilan tabrikladi, deb xabar qiladi “RBK”.
Idora vakillari Iroq harbiylari ko‘rsatgan jasurlikni alohida ta’kidlab, jarohatlanganlar tez muddatda oyoqqa turishiga umid bildirdi.
Armiya Ravaga hujumni 11-noyabr kuni boshlagan edi. Shahar Frot daryosining chap qirg‘og‘ida, Iroq va Suriya chegarasida joylashgan. Jangarilar shaharni 2014-yili egallagan edi.
3-noyabr kuni Iroq va Suriya chegarasi yaqinida joylashgan yana bir shahar — al-Qoim terrorchilardan tozalangan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)