Vazirlar Mahkamasining 24-noyabrdagi 867-son “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya yordami ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Hujjat bilan tegishli kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosining qurilishi bitkazilmagan bloki poliklinika-diagnostika bo‘limi sifatida rekonstruksiya qilinadi hamda markazning isitish xonasi quriladi. Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari klinikalari va ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining neyroxirurgiya bo‘limlari, shu jumladan, bolalar bo‘limlari ham zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlanadi. Mahalliy vrachlar xorijiy mamlakatlarning yetakchi klinikalarida “neyroxirurgiya” va “intervension neyroradiologiya” mutaxassisliklari bo‘yicha qisqa muddatli va uzoq muddatli malaka oshirish kurslaridan o‘tadi.
Kompleks chora-tadbirlar dasturlarini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 7,88 milliard so‘m va 43,08 million dollar ajratiladi. Mablag‘larni davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar va grant beruvchilar qoplaydi.
Izoh (0)