Moskva Afg‘oniston Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lib kirishi uchun sa’y-harakat qilmoqda, biroq bu jarayon muayyan vaqt talab qiladi. Bu haqda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.
“Kobul tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirgunga qadar ma’lum bir yo‘lni bosib o‘tishi lozim. Biroq bu ro‘y berishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha narsani amalga oshiryapmiz. Bu Afg‘onistonga yordam beradi”, — dedi Moskvada bo‘lib o‘tgan ShHT—Afg‘oniston kontakt guruhi uchrashuvi yakunlariga izoh bergan Kabulov.
Rossiya prezidentining ShHT ishlari bo‘yicha maxsus vakili Baxtiyor Hakimovga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar kelgusi harakatlarning “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish haqida kelishib oldi. Kontakt guruhining kelgusi uchrashuvi esa 2018-yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadi.
Afg‘oniston TIV siyosat va strategiya departamenti direktori Muhammad Ashraf Haydariy Kobulning kontakt guruhining 11-oktabrda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishidagi vakili, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Hikmat Karzay ShHTga a’zo davlatlarni mamlakatining mazkur tuzilmadagi to‘laqonli a’zoligini qo‘llab-quvvatlashga chaqirganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, hozirda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Afg‘oniston ShHTga a’zolik uchun 2015-yilda talabnoma bergandi.
Izoh (0)