AQSh boshchiligidagi koalitsiya vakili Raqqada IShID ustidan to‘liq g‘alaba qozonilgani haqida gapirishga erta ekanligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oldinda og‘ir janglar turibdi. Avvalroq shaharning to‘liq ozod qilingani haqida Al Arabiya telekanali xabar bergan edi, deb yozmoqda “RBK”.
Reuters’ning xabar berishicha, IShID o‘zining poytaxti deb atagan Raqqada janglar davom etmoqda. Koalitsiya vakili Rayan Dillonning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda qariyb 100 nafar terrorchi asirga olingan.
Shaharda janglar davom etayotgani haqida ABC News telekanali ham xabar bermoqda. Shaharning katta qismi terrorchilardan ozod qilingan, biroq ba’zi tumanlarda hali ham kurash davom etmoqda. Xususan, stadion va Raqqa shimolidagi tumanlar terrorchilar qo‘lida qolmoqda.
Raqqa 2014-yilda terrorchilar tomonidan egallab olinganidan buyon IShIDning poytaxti hisoblanadi. 2017-yilning iyun oyida AQSh boshchiligidagi koalitsiya Raqqani ozod qilish operatsiyasini boshlagan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)