O‘zbekistonlik futbol jurnalistlarini haqorat qilgani va milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanga haykal qo‘yish kerakligini aytgani bilan tanilgan O‘FF xodimi Sherzod Egamberdiyev o‘z vazifasidan ozod etildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Egamberdiyev bungacha O‘FF xalqaro bo‘limi boshlig‘iga yordamchilik qilib kelayotgandi. Endilikda u ham, bo‘lim boshlig‘i Aleksandr Davidenko ham tashkilotdagi faoliyatini yakunlagan. Bu bo‘limni O‘FFda 10 yildan buyon mehnat qilib kelayotgan Alim Arifov bundan buyon boshqaradi.
Arifov Alim 1987-yil Toshkentda tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbek va rus tilidan tashqari, ingliz tilida bemalol muloqot qila oladi.
Vazifasidan ozod etilgan Sherzod Egamberdiyevni ishdan bo‘shatishni futbol jurnalistlari talab qilgan, shundan keyingina O‘FFning endilikdagi sobiq xodimi barcha jurnalistlardan uzr so‘ragandi.
Izoh (0)