Suriyada faoliyat yuritayotgan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya IShIDga qarshi kurash missiyasi qolib, boshqa ishlarni bajarmoqda, shu bois rasmiy Damashq uning tarqatib yuborilishiga erishmoqchi. Bu haqda Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallem rossiyalik hamkasbi Sergey Lebedev bilan muzokaralar chog‘ida aytib o‘tdi, deb xabar beradi “Interfaks”.
“Misol tariqasida AQSh boshchiligidagi koalitsiyani keltirmoqchiman. U IShIDdan boshqa hamma narsani yo‘q qilmoqda. Amerikaliklar bergan aviazarbalar oqibatida Rakka va Dayr az-Zavrda minglab tinch fuqaro, nafaqat erkaklar, balki ayollar, bolalar halok bo‘ldi. AQSh koalitsiyasi iqtisodiy infrastrukturani yo‘q qilmoqda. Shu bois koalitsiyaning tarqatib yuborilishini eng qat’iy ohangda talab qilamiz”, — dedi Muallem.
Uning fikricha, AQSh koalitsiya harakatlarini niqob qilib, Suriyadagi urushni maksimal darajada cho‘zib yubormoqchi.
“Kurdlar amalda neft bor tumanlar uchun Suriya armiyasi bilan raqobat qilmoqda. Ular Suriya hech qachon o‘z suverenitetini buzishga yo‘l qo‘ymasligini yaxshi biladi. Ular hozir, shubhasiz, AQSh yordamidan mast, lekin bu yordam abadiy davom etmasligini tushunish kerak”, — qo‘shimcha qildi diplomat.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)