28-sentabr kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi – barkamol avlodni shakllantirishning muhim omili” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” xabar bermoqda.
Matbuot anjumanida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida fikr-mulohazalar yuritildi. Xususan, ustoz va murabbiylarni har tomonlama rag‘batlantirish, ular mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish, tizimda ta’lim mazmunining sifat va samaradorligini ko‘tarish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Tadbirda qayd etilganidek, ta’lim muassasalarining tegishli fanlar bo‘yicha oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylardagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2017—2018-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etildi. Maxsus sirtqi bo‘limlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga ega bo‘lganlar qabul qilinmoqda.
Tadbirda xalq ta’limi tizimida davlat mukofotlari bilan taqdirlangan to‘rt mingdan ziyod ustoz va murabbiy faoliyat yuritishi qayd etildi. Shulardan yetti nafari O‘zbekiston Qahramoni yuksak unvoniga sazovor bo‘lgan.
Izoh (0)