Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev bugungi kunda hududda faoliyat yurituvchi shahar va tuman hokimlarining OAVga bo‘lgan munosabati haqida gapirar ekan ularning jurnalistdan qochishini qoralaydi.
“Kameradan qochib yurolmaysan-ku, qayoqqa borasan? Rasmingni qo‘yib ham kaltaklayveradi. Tanqidni hazm qilishni o‘rganish kerak”, deydi Toshkent viloyati hokimi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati hokimi bu haqda bugun, 11-avgust kuni bo‘lib o‘tgan hokimlik soatida gapirgan.
Zoir Mirzayev qo‘l ostidagi shahar va tuman hokimlariga murojaat qilar ekan, ijtimoiy tarmoqlar bilan hamkorlik hokimlar uchun manfaatli ekanini ta’kidlaydi.
Ijtimoiy tarmoq bilan hamkor bo‘lmagan hokimning ertangi kuni yo‘q. Qayoqqa borasan qochib? Butun kameradan qochib yura olmaysizlar-ku? Hokim bo‘lgandan keyin internetga chiqadi-da. Faqat maqtab yuboraveramizmi hokimlarni? Bir-ikki marta tanqid kaltagini yesa, yaxshi bo‘ladi, pishadi shu bahonada, deydi u.
Zoir Mirzayev hokimlarni tanqidni to‘g‘ri qabul qilishga chaqiradi.
Izoh (0)