Alibaba Group rahbari Jek Ma Nyu-Yorkdagi Bloomberg Global Business Forum forumida chiqish qila turib, kelajakdagi iqtisodiy o‘sish muammolariga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda AIN xabar bermoqda.
Uning fikricha, hukumat va biznes ish o‘rinlari yaratish masalasida ishlab chiqarishga suyanishni to‘xtatishi va sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalar kabi innovatsion sohalarga e’tibor qaratishi lozim.
Nashr uning chiqishidan parcha keltiradi.
Barchamiz hozir yuz berayotgan ulkan texnologik inqilobga baho bera olmayapmiz. Bu kabi o‘tish davrlari insoniyat tarixida ko‘p yuz bermagan. O‘ylashimcha, oxirgi 3000 yilda uch martadan ortiq emas. Oldimizda turgan da’vat shunchalik kattaki, hech bir hukumat, hech bir biznes uni o‘z holicha uddalashga qodir emas. Biz birgalikda ishlashimiz lozim.Dunyo ITdan DTga qarab ilgarilamoqda. Ko‘pchilik DT nima ekanligini tushunmaydi (xuddi IT nima ekanligini tushunmagan kabi). Axborot texnologiyalari (IT) asta-sekin ma’lumotlar texnologiyasi (data technology, DT) tomon ilgarilamoqda. Gap navbatdagi texnologik apgreyd haqida ketmayapti, gap falsafa haqida, vazifalarni bajarishga yondashuvimiz haqida bormoqda.
Oxirgi 200 yilda odamlar kelajakni bashorat qilish uchun bilimlarga murojaat qildi, biroq hozir yangi dunyo bo‘sag‘asida turibmiz. Bu yangi dunyo haqida oldindan biror narsa deyish qiyin, shuning uchun ko‘pchilik kelajakdan tashvishlanmoqda. Kelajak haqida ishonch bilan so‘zlayotgan kishilar esa chetdan qaraganda aqldan ozgandek ko‘rinadi.
Kishilar Big Data, sun’iy intellekt, bulutli hisoblash haqida qayg‘urmoqda. Bu qayg‘urish — menga normal holat bo‘lib tuyulmoqda. Yuz yillar avval, bug‘ dvigatellari paydo bo‘lganda ham odamlar bug‘ tyagalaridagi mashinalar ko‘plab ish o‘rinlarini yo‘q qiladi deb o‘ylagan. Biroq insoniyat har doimgidek yechim topadi deb o‘ylayman. Yechim bizda bo‘lmasa, farzandlarimiz tomonidan topilar.
Yangi texnologiyalar ko‘p sonli ish o‘rinlarini yo‘q qilishi, biroq yangilarini yaratishi ham mumkin. Bugun o‘tmishdagi bug‘ mashinalari iqtisodiyoti ko‘plab ish o‘rinlarini yaratganligini ko‘rishimiz mumkin, DT bilan ham xuddi shunday holat yuz beradi. U ko‘p ish o‘rinlarini yaratadi. Biz bunga tayyormizmi, hamma gap shunda.
Ko‘pchilik ish o‘rinlarini ko‘paytirish haqida gapira turib, ishlab chiqarishni nazarda tutadi. O‘ylashimcha, ishlab chiqarish endi hech qachon ko‘p ish o‘rnini yarata olmaydi. Bu o‘tmishda ish bergan. Zamonaviy dunyoda sun’iy intellekt, robotlar kabi yangi texnologiyalar tufayli ishlab chiqarish hech qachon ushbu rolini o‘ziga qaytara olmaydi. Yangi ish o‘rinlari yaratishning asosiy drayveri xizmat ko‘rsatish sanoati bo‘ladi.
Ishlab chiqarish haqida so‘zlay turib, “Xitoyda ishlab chiqarilgan” yoki “AQShda ishlab chiqarilgan” iboralarini qo‘llashni to‘xtatishimiz kerak. Kelajakda bu “internetda ishlab chiqarilgan” iborasiga aylanadi. Kichik biznes muhim ahamiyat kasb eta boshlaydi, bu toifadagi aksariyat kompaniyalar globallashadi. Oxirgi 30 yil ichida 6 foizga yaqin kompaniyalar globallashuv imtiyozlaridan foydalangan. Keyingi 30 yilda kichik biznesning eng kamida 60 foizi globallashadi. Globallashuvning yomon jihati yo‘q. Biz uni bundan keyin ham rivojlantirish ustida ishlashimiz lozim.
Olimlar, muhandislar va tadbirkorlar insoniyatni texnologiya imkoniyatlari bilan qo‘rqitayotganligi menga yoqmaydi. Kimdir mashinalar insonlarni nazorat qilishidan cho‘chimoqda. Biroq menimcha, insoniyat o‘ziga ko‘proq ishonishi kerak. Texnologiyalarni to‘xtatib bo‘lmaydi. Texnologiyalar taraqqiyotini to‘xtatgandan ko‘ra, oldimizda turgan muammolarni hal etish uchun ulardan foydalanish kerak.
Ta’lim tizimiga alohida e’tibor qarating. Bugun farzandlarimizga o‘rgatayotgan narsalarimiz, ertaga ularning ishsiz qolishiga olib kelishi mumkin. Eski o‘qitish sxemasi bo‘yicha o‘rganayotgan narsalarimiz — bilimlarni eslab qolish, hisob-kitob — bularning barchasini mashinalar yaxshiroq uddalamoqda. Ta’lim tizimini qayta ishlab chiqishimiz lozim. Farzandlarimizni innovatsion va ijodkor bo‘lishga o‘rgatishimiz kerak. Yangi dunyoda muvaffaqiyatga erishish uchun sizga IQ, EQ va LQ kerak bo‘ladi. EQ — bu his-tuyg‘u koeffitsiyenti, LQ esa — “muhabbat koeffitsiyenti”, bu mashinalarda hech qachon bo‘lmaydigan narsa.
Birinchi texnologik inqilob Birinchi jahon urushini, ikkinchisi — Ikkinchisini keltirib chiqardi. Uchinchi texnologik inqilob hozir yuz bermoqda va Uchinchi jahon urushi kasalliklar, kambag‘allik va atrof-muhitni ifloslantirishga qarshi olib borilishi kerak. Aks holda insoniyatni muammolar kutmoqda.
Jek Ma, Alibaba Group rahbari
Izoh (0)