Prezident “2018-yilda qishloq xo‘jalik ekinlarini oqilona joylashtirish chora-tadbirlari va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishning prognozli hajmlari to‘g‘risida” qaror imzoladi, deb yozadi Norma.
Hujjatga muvofiq, qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlarini joylashtirish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning to‘liq siklini o‘z ichiga oladi, jumladan:
- yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, yer balansiga rioya qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zamonaviy va resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish;
- fermer va dehqon xo‘jaliklarining ixtisoslashuvi, hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, yerlarning meliorativ holati, yerlarning unumdorligi, ularning suv bilan ta’minlanganligi, hosilni tahlil qilish va hokazolarni hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish;
- fermer xo‘jaliklari va sotib olish tashkilotlari o‘rtasida shartnoma tuzish, moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish, moliyalashtirishni ta’minlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish;
- fermerlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish monitoringi va hisobini yuritish, sotilgan mahsulotlar evaziga olingan daromadlarni xizmat ko‘rsatuvchi banklarga topshirishni ta’minlash;
- qishloq xo‘jaligi ekinlari joylashtirilishining buzilishi, shartnoma majburiyatlarining bajarilmasligi, fermer xo‘jaliklarini moddiy-texnika resurslari bilan o‘z vaqtida ta’minlamaganlik uchun qat’iy choralar ko‘rish.
Shu bilan birga, shartnomada ko‘rsatilgan hajmdan tashqari ishlab chiqarilgan mahsulot fermer xo‘jaliklarining o‘z ixtiyorida qoladi.
Izoh (0)