— Ikkalasini o‘ldirasan, xo‘sh keyinchi?
— O‘tirib, kechki taomimni tugatib qo‘yaman.
“Cho‘qintirilgan ota”, 1972-yil, rejissor Frensis Ford Koppola.
Oilaviy rishtalar atrofida bunyod etilgan Sitsiliya mafiyasi XX asrda dunyodagi eng nufuzli jinoiy uyushmalardan biriga aylandi, “koza nostra” so‘z birikmasi esa (italyanchadan tarjimasi — “o‘zimizning ish”) har birimizga tanish, deb yozadi “RIA Novosti”.
Dastlab “mafiya” so‘zi ham faqat Sitsiliya jinoiy to‘dalariga taalluqli bo‘lgan va ommaviy madaniyatda ular nufuzining oshib borishi bilan dunyodagi barcha uyushgan jinoyatchilik uchun umumiy nomga aylandi.
Koza nostrada yozilmagan or-nomus kodeksi — omerta (“aylanma kafillik”) amal qiladi. Unda quyidagi qoidalar mustahkamlangan: tashkilotni tark etishning yagona sababi — hayotni tark etish; tashkilot a’zolari so‘zsiz boshliqqa bo‘ysunadi; sotqinlik — eng og‘ir gunoh; klan a’zolaridan birini haqorat qilish — butun guruhni haqorat qilish; politsiya bilan har qanday hamkorlik taqiqlanadi. Ushbu qoidalarni buzish o‘lim bilan jazolanadi. Biroq bugun bu “sukut saqlash” kodeksi tez-tez buziladi: ko‘pchilik mafiyalar raqobatchilarni yo‘qotish maqsadida bir-birini rasmiylarga “sotadi”.
Bundan tashqari, yana “o‘nta qat’iy qoida” mavjud. Unga muvofiq, masalan, hech kim klan a’zosi bilan o‘zi tanisha olmaydi — u albatta boshqa mafiozi tomonidan tanishtirilishi lozim.
Mafiyada qat’iy iyerarxiya mavjud. Uni boss boshqaradi, uning qoida tariqasida bir nafardan uch nafargacha maslahatchisi — konsilyeri bo‘ladi. Boss oilasining barcha a’zolari va maslahatchilar tashkilotning yuragi — oilani tashkil etadi. Yordamchi boss klandagi ikkinchi odam hisoblanadi. Boshqa kichikroq guruhlarni kaporejime (ko‘pincha “kapo”gacha qisqartiriladi) boshqaradi. Unga mafiya askarlari — buyruqlarni bevosita bajarish bilan shug‘ullanuvchi kishilar bo‘ysunadi. Klanga a’zo bo‘lishda bo‘lajak “askar” jinoiy olam qoidalariga rioya qilishga qon bilan ont ichadi.
Mafiyaning AQShda tarqalishi sitsiliyaliklarning Amerikaga ommaviy imigratsiyasi bilan bog‘liq edi. XIX va XX asrlar oralig‘ida orol aholisining to‘rtdan bir qismi — bir yarim millionga yaqin odam okean ortiga yo‘l oldi.
Biroq migratsiya sitsiliyaliklarning o‘zini tutish qoidalarini o‘zgartirmadi. Koza nostraga qarshi mashhur kurashchilardan biri Jovanni Falkoni o‘zining “Or-nomus odamlari” kitobida shunday yozadi: “Sitsiliya ruhi menga yaxshi tanish. Mufassal iboradan ko‘ra, ovozdagi o‘zgarish va ko‘z bilan imlashdan ko‘proq narsa tushuna olaman. Bu yerda koza nostra Sitsiliya an’anaviy hayot tarzining buzilgan, bo‘rttirilgan, ekstremal va anomal talqini ekanligini hamma biladi”.
Sitsiliya mafiyasi klanlari tez-tez o‘zaro urishib turadi. Mojaroli holatlarda eng yirik tashkilotlar rahbarlari kiruvchi “mafiya komissiyasi” yordamiga murojaat qilinadi. Bunday komissiyani jinoyat olamidagi hukumatga qiyoslab bo‘lmaydi — har bir klan to‘liq avtonom va mustaqil harakat qiladi. Nizoli vaziyatlarda barchasi tashkilotning o‘z kuchi va obro‘si, shuningdek, mafiya yetakchisi ayyorligiga borib taqaladi.
Politsiya klanlarning alohida vakillarini hibsga olishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, bu hodisaga butunlay barham berish juda qiyin. Sitsiliya jinoyat olamining yetakchilari ustidan birinchi yirik jarayon 1985-yilda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda klanlardan birining yetakchisi Tommazo Bushetta raqobatchilari barcha qarindoshlarini qirib tashlagandan so‘ng omertani buzib, politsiyaga ko‘rsatma berdi. Yuzlab eng nufuzli mafiya a’zolari sudlanib, ulardan ko‘pchiligi keyinchalik qamoqqa olindi.
Bugun koza nostra o‘z tarixidagi uncha yaxshi bo‘lmagan davrini boshdan kechirmoqda. Sitsiliya aholisi mafiyaga qarshi shiorlar ostida aksiya va marshlar o‘tkazmoqda. Mojarolar tufayli klanlar yetakchilariga qarshi sud jarayonlari tobora ko‘proq o‘tkazilmoqda. Qochoqlar oqimi yana bir muammoga aylandi, ularning bir qismi mafiyaga qarshi chiqishdan cho‘chimaydi.
Sitsiliya klanlariga bag‘ishlangan ko‘plab kitob va filmlar tomonidan yoyilgan romantik niqob ortida xunuk haqiqatni ko‘rish mumkin: bu noqonuniy biznesi manfaatlari yo‘lida o‘rnatilgan qoidalar bo‘yicha o‘ynashga intiluvchi korchalonlardir. Ular bu qoidalar to‘plamini qanchalik jarangdor so‘zlar bilan atamasin, klanga a’zolik marosimi qanchalik sirli ko‘rinmasin, foyda uchun ular bu qoidalardan chetga chiqishga tayyor. Mafiya aralashmasligi kerak bo‘lgan yashirin biznes mavjud emas, barchasiga ruxsat berilgan: buzuqlik, odam savdosi, qotillik, reket, hatto saylovchilarni sotib olish kabi kutilmagan mashg‘ulot ham. Mafiya qonunlari qaysidir jihati bilan tadbirkorlik qonunlariga o‘xshab ketadi, biroq jinoyat olami savdo qiluvchi yagona tovar — bu zo‘ravonlik.
Izoh (0)