Daniya qirolichasining turmush o‘rtog‘i, 83 yoshli shahzoda-konsort Xenrik demensiya xastaligiga chalingan. Bu haqda Daniya qirollik saroyi devonxonasi ma’lum qildi, deb xabar beradi “Interfaks”.
“Yoz oxirida o‘tkazilgan uzoq kuzatuv va tekshiruvlardan so‘ng Rigshospitalet shifoxonasi mutaxassislari shahzoda Xenrik Hazrati Oliylari demensiyaga chalinganini aniqladi”, — deyiladi bayonotda.
“Rigshospitalet shifokorlarining fikricha, kognitiv xastalik rivojining darajasi shahzodaning yoshida kutilganidan balandroq”, — qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Shu yilning avgust oyida shahzoda rafiqasi, qirolicha Margrete II bilan bir xil maqomga ega emasligi haqida bayonot berganidan so‘ng Yevropa matbuotida ko‘p bora tilga olingan edi. O‘shanda shahzoda-konsort o‘limidan so‘ng rafiqasining yonida dafn etilishni istamasligini bildirib o‘tgan edi.
Taxminlarga ko‘ra, aniqlangan xastalik shahzodaning bu bayonotlarida aks etmay qolmagan.
Demensiya — orttirilgan aqliy zaiflik bo‘lib, bilish faoliyatining pasayib borishi bilan xarakterlanadi.
Izoh (0)