Navoiy shahridagi 4-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachilaridan biri bolalardan biriga qo‘l ko‘targani uchun ishdan haydaldi. Bu haqda Navoiy viloyati Xalq qabulxonasi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xabar berishlaricha, fuqarolardan biri 16-avgust kuni 2 yashar qizini bog‘chadan olish uchun borganida, tarbiyachi uning qiziga qo‘l ko‘tarayotgani ustidan chiqqan.
Ona tarbiyachidan: “Bolani nega urdingiz? U nima uchun yig‘layapti?”, — deb so‘raganida, maktabgacha ta’lim muassasasi xodimi unga: “Bolangga qarab berayotganim uchun rahmat de, ahmoq!”, — deya javob qaytargan.
Qizaloqning onasi mazkur holat yuzasidan 16-avgustning o‘zidayoq Xalq qabulxonasiga shikoyat bilan murojaat qilgan. 21-avgust kuni esa bog‘chada bolalarga qo‘l ko‘targan tarbiyachiga nisbatan chora ko‘rilgani ma’lum bo‘lgan.
“Shahardagi 4-sonli maktabgacha ta’lim muassasasidagi pedagog xodimning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaatingiz yuzasidan, shahar Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limining mutaxassislari tomonidan muassasa xodimining faoliyati o‘rganib chiqildi, qilgan xatti-harakatlari uchun qonun doirasida egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, — deyiladi bo‘lim axborotida.
Avvalroq Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida tarbiyachilarning bolalarga qo‘l ko‘tarayotgani aks etgan videoyozuvlar internetda tarqalgan edi. Keyinchalik O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov 2016-yil sentabr oyida bo‘lgan mazkur voqea yuzasidan izoh bergan edi.
Izoh (0)