O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston mudofaa vaziri Saken Jasuzaqovni qabul qildi. Bu haqda “O‘zbekiston24” xabar bermoqda.
Suhbat chog‘ida harbiy va harbiy-texnik hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish, jumladan, harbiy ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Qozog‘iston mudofaa vaziri Shavkat Mirziyoyevga qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning tilaklarini yetkazdi.
Saken Jasuzaqov O‘zbekistonda Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi. Qozog‘iston tomoni ikki davlat o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Izoh (0)