Amerikaning Oklaxoma shtati Lekuair shahrida yashovchi 72 yoshli ayol o‘zining jasurligi bilan mahalliy yulduzga aylandi. Ayolning qo‘shnisi so‘zlariga ko‘ra, u bir sutka davomida uyiga kirib qolgan 11 ta zaharli ilonni o‘ldirgan. Ayol qutqaruvchilarni yordamga chaqirishni ham o‘ylamagan. Bu haqda, Daily Mail’ga tayanib, “Vesti.ru” xabar bermoqda.
“Qo‘shnim missis Nyubi ilonlarning haqiqiy qotili! Kecha kechqurun u 11 ta ilonni o‘ldirdi! Agarda sizga yordam kerak bo‘lib qolsa, unga murojaat qiling. Uning yoshi 72 da”, — deb yozadi nafaqaxo‘r Syuzan Tompson Facebook’dagi sahifasiga.
Tompsonning so‘zlariga ko‘ra, Nyubi o‘zi hamda yaqinlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida ov miltig‘i, belkurak va panshaxadan foydalangan.
Nyubining qarindoshlari qo‘shimcha qilishicha, ayol kechasi bog‘iga kirib qolgan yana to‘rtta ilonni o‘ldirgan.
Shaharning ko‘plab aholisi ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi jasur hamshahari borligidan faxrlanishini yozmoqda.
Izoh (0)