Sport jurnalistiga raddiya bergan “Sho‘rtan” matbuot xizmati yakunda adashgan bo‘lib chiqdi. Bu haqda “Championat.asia” sayti ma’lumot berdi.
29-iyun kuni jurnalist Faxriddin Choriyev “Eshitdik-da” rukniga xabar jo‘natib, tez orada Edgar Gess “Sho‘rtan” bosh murabbiyiga aylanishini ma’lum qilgan. Bunda xabar muallifi aniq ma’lumotlarga asoslanmagani uchun ham, vaziyatni “bo‘lishi mumkin” qabilida tushuntirgan.
G‘uzor futbol klubi matbuot xizmati esa bunga javoban “Rasmiy bayonot: Saviyasi past jurnalistlar xizmatiga hojat qolmasin”, deb bong urgan. “Ba’zi bir jurnalistlik kasbiy mahorati past hamda odob-axloq me’yorlariga rioya qilmaydigan shaxslar tomonidan noto‘g‘ri va aytish joizki, asoslanmagan, o‘quvchilarni chalg‘ituvchi, norasmiy xabarlar chop etilmoqda”, — deb yozilgan bayonotda. Bunda matbuot xizmati “Championat.asia” bilan o‘zaro munosabatlarni ham tilga olib, bunday xabarlar unga rahna solishi mumkinligi eslatgan. Raddiyaning to‘liq shaklini shu link orqali o‘qish mumkin.
Bunda matbuot xizmati bayonnomasidan ko‘ra, erkin jurnalist ustidan yumaloq xatga o‘xshab ketadigan maqola yozilgan va jurnalist ish olib borishni bilmaslikda ayblangan.
“Championat.asia” keyinroq Faxriddin Choriyevning aytganlari to‘g‘ri bo‘lib chiqqani haqida xabar berdi. Garchi “Sho‘rtan” matbuot xizmati Edgar Gessning bosh murabbiy bo‘lishi haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini aytgan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay chindan ham Gess G‘uzor klubi bilan shartnoma imzoladi. Shunga qaramay, jamoa matbuot xizmati avvalroq bildirgan raddiyasi haqida qaytib eslamagan va haqoratlangan sport jurnalistidan rasmiy ravishda uzr ham so‘ramagan.
Izoh (0)