AQShdagi Viskonsin universiteti biznes maktabi doktoranti, 2016-yil mayidan beri Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi sifatida ish olib borayotgan o‘zbekistonlik ekspert Behzod Hoshimov davlat aralashuvi va narxlar nazorati mamlakat farovonligi uchun achinarli oqibatlarga sabab bo‘lishi, bu hol uzoq davom etishi mumkinligi haqida Argentina misolida fikr yuritdi. Ekspertning fikrlari “Kommersant.uz”da e’lon qilindi.
Davlat aralashuvi va narxlar nazorati mamlakat farovonligi uchun achinarli oqibatlarga sabab bo‘lishi va bu ahvol uzoq yillarga cho‘zilishi mumkinligi haqida so‘z yuritamiz.
Argentina — ham iqtisodiyot fani o‘qituvchilari, ham tadqiqotchilar uchun eng sevimli namuna. Bu mamlakat XX asr boshlarida dunyoning eng boy o‘nta davlatidan biri edi, hozir esa yuztalikdan zo‘rg‘a joy olgan (90-o‘rin). Barqaror iqtisodiy o‘sish ahamiyati haqida so‘z ketganda, aynan Argentina “yomon oqibat” juda uzoq davom etishi mumkinligining, porloq kelajakka, rivojlanayotgan iqtisodiyotning rivojlangan iqtisodiyotga aylanishiga bo‘lgan umid orzuligicha qolib ketishining yaqqol misoli bo‘ladi. Yaqin-yaqingacha bu mamlakatda siyosiy iqtisodiyot nuqtai nazaridan nimalar ro‘y berganligi haqida uzoq so‘zlash mumkin. Universitetdagi siyosiy iqtisodiyot yoki iqtisodiy taraqqiyot kursida Argentinaga bir nechta kirish ma’ruzalari ajratiladi — bu mamlakat iqtisodiy (shuningdek, siyosiy) tarixi shunchalik g‘ayrioddiydir.
O‘ta omadsiz iqtisodiy siyosatidan tashqari, Argentina Janubiy Amerikaning madaniy markazi ekanligi bilan ham mashhurdir. Argentinaning XX asr adabiyotidagi o‘rnini XIX asrdagi rus adabiyotiga qiyoslash mumkin. Adabiyot va futboldan tashqari, bu mamlakat grilda go‘sht pishirish — asado bo‘yicha ajoyib an’analarga ham ega. Argentina har doim yuqori sifatli, og‘zingizda erib ketuvchi mol go‘shti bilan mashhur bo‘lgan – u mahalliy fermerlar va aholining faxri sanaladi. Ratsionida yaxshilab qovurilgan bir bo‘lak go‘sht mavjud bo‘lishi har bir argentinalikning fitriy huquqi sanaladi. 90-yillarda bu mamlakat prezidenti amerika nashriga intervyu bera turib: “Agar o‘quvchilaringiz vegetarian bo‘lishsa, mamlakatimga kelib o‘tirishmasin”,— degandi. Chorvadorlik va pazandachilikdagi shonli an’analar bepoyon pampalarda mol boqib yurgan fermerlarni xalq qahramonlariga aylantirgan — ularning mehnati va yashash tarzini ulug‘lovchi o‘nlab qo‘shiqlar, filmlar yuzaga kelgan.
2005-yilda Argentina jahonda mol go‘shtini eksport qilish bo‘yicha uchinchi o‘rinda turardi. Mollar soni muntazam oshib bordi va chorvachilikka investitsiyalar jadal sur’atlarda o‘sardi. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunday o‘sish va go‘sht ishlab chiqaruvchilar samaradorligida bir necha yildan keyin Argentina mol go‘shti ishlab chiqarish eksportida mutlaq yetakchi bo‘lishi prognozini berdi. Ushbu tarmoqqa investitsiyalar oshgani sayin, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari: yem ishlab chiqarish, transport-naqliyot (dengiz va quruqlikdagi transport), mol so‘yishning innovatsiyaviy usullari, sovutkichlar sanoati, go‘sht mahsulotlarini qadoqlash, dimlangan go‘sht hamda kolbasa ishlab chiqarish va, hatto, konservalar uchun temir bankalar ishlab chiqarish ham jo‘shqin rivojlana boshladi. Hamma rivojlanishda “portlash” bo‘lishini kutar, investitsiyalar tinmay oqib kelardi.
Biroq, mash’um 2006-yil 8-mart kuni Argentina prezidenti Nestor Kirshner narxlarning tinimsiz oshib borishini to‘xtatish maqsadida, mol go‘shti eksportini 180 kunga taqiqlash to‘g‘risida qat’iy qaror qabul qildi. Taqiq “mol go‘shtini eksportdan mahalliy bozorga yo‘naltirish orqali, oddiy argentinaliklar uchun go‘shtni hamyonbop qilish”i lozim edi, deb yozadi The Economist jurnali.
Bu taqiqga bir lahzada kelingani yo‘q. Avval hukumat “Go‘sht — hamma uchun” dasturi doirasida mol go‘shti narxlari ko‘tarilishning oqibatini yumshatishga urindi va Buenos-Ayresdagi iste’molchilar uchun o‘ndan ziyod turdagi mol go‘shti turlarini arzonga sotishni yo‘lga qo‘ydi. Dasturga ko‘ra, 2,5 tonna eksport qilingan go‘shtga bir tonna go‘sht ichki bozorda, eksport narxining 50 foiziga sotilishi lozim edi. Shu tariqa, fermerlar ichki bozorga imtiyoz berishga majbur edilar. Lekin, kutilganidek, dastur samara bermadi.
Shu bilan birga, hukumat mol go‘shtiga eksport bojini 5 foizdan 15 foizga ko‘tardi. Bu Argentina mol go‘shti raqobatbardoshligini Merkosur (Braziliya, Urugvay va Paragvay)dagi savdo sheriklarinikiga qaraganda susaytirdi — u mamlakatlarda mol go‘shtiga eksport boji solinmaydi. Narxlar prezident kutganchalik miqyosda pasaymadi va 2005-yil oxiridan boshlab hukumat va go‘sht ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, sotuvchilar o‘rtasida uzoq muzokaralar boshlandi. Hukumat, yaxshigina siyosiy va axborot bosimidan foydalanib, eksport hajmini 2005-yil ko‘rsatkichlariga nisbatan 20 foizga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, lekin amalda bu ro‘y bermadi. Taqiq kiritildi. Lekin, dahshatli oqibatlar yuzaga kela boshlagani sababli, hukumat taqiqni yumshata bordi va 26-mayda (78 kundan keyin) eksportga taqiq olib tashlanib, uning o‘rniga kvotalar kiritildi.
Taqiq va keyingi kvotalar natijasida 2005—2013-yillar orasida mol go‘shti eksporti 76 foizga qisqardi. Tabiiyki, bu tarmoqqa investitsiyalar to‘xtadi va qaytib tiklanmadi, 2006-yildan 2010-yilga qadar chorva boshi qariyb 28 foizga qisqardi. Bugungi kunda, eksport taqiqlanganidan 11 yil o‘tib, hali-hanuz chorva soni 2006-yil ko‘rsatkichiga chiqa olmagan. Yirik shoxli qoramol sonining qisqarishi mol go‘shti narxining keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Bozor o‘sib borayotgan talabni qondira oladigan ahvolda emasdi va vaziyatga narxlarning yanada ko‘tarilishi bilan javob berdi. Shunday vaqt ham bo‘ldiki, Argentina mol go‘shtini chetdan sotib ola boshladi.
Investitsiyalarning to‘xtashi, korxonalarning yopilishi, ish o‘rinlari qisqarishi, yondosh sanoatlarning yo‘q bo‘lib ketishi — prezident va hukumat tomonidan qabul qilingan, bir qarashda “xalqparvar” ko‘ringan chora oqibatlarining qisqacha ro‘yxati mana shunday.
Sociedad Rural Argentina Iqtisodiy tadqiqotlar instituti rahbari Luis Migel Etchevere so‘zlariga ko‘ra, keyingi o‘n yillik “yo‘qotilgan o‘n yillik” bo‘ldi, uning davomida sun’iy arzon mol go‘shti “tarmoq raqobatbardoshligini barbod qildi” va 12 million bosh qoramolni yo‘qotishga olib keldi. Bugunga kelib ham, Argentinada mol go‘shti arzonlashmadi, bir paytlar eng yirik eksportchilardan sanalgan mamlakat esa, bu ro‘yxatda 12-o‘ringa tushib qoldi.
Bu intervensiyaning iqtisodiy oqibatlari halokatli bo‘ldi: mol go‘shti eksportining o‘zida yo‘qotishlar o‘nlab milliard dollarga teng. Iste’molchi ortiqligi, ishsizlik va korxonalar yopilishidan ko‘rilgan zararlarni hisoblab chiqish murakkab masala. Bu mavzu bo‘yicha bir qancha ilmiy maqolalar chop etildi, ularda berilgan xulosalar kishini ruhlantirmaydi: umumiy iqtisodiyotga yetkazilgan zarar nihoyatda katta, uni tiklash uchun ancha vaqt talab qilinadi. Hukumatning bu harakatlari, ya’ni shartnomalarning bajarilmasligi, investorlarning tikkan puliga kuyib qolishlari sababli mamlakat obro‘siga yetgan putur “haqi”ni argentinaliklarning yana bir qancha avlodi to‘lashga majbur.
Qissadan hissa shuki, u yoki bu cheklovlar, davlatning aralashuvi yoki narxlar nazorati (bizning holatimizda – go‘sht ishlab chiqaruvchilar uchun) mamlakat farovonligiga uzoq yillik yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘zbekistonda keyingi vaqtda go‘sht va go‘sht mahsulotlariga narxlar ko‘tarilishini kuzatmoqdamiz. Bunda Argentina beradigan saboq biz uchun nihoyatda muhim. O‘z boshidan o‘tkazgandan ko‘ra, birovlarning xatosidan xulosa chiqargan ma’qul.
Izoh (0)