AQSh prezidentining katta maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner rossiyalik huquqshunos Natalya Veselnitskaya bilan uchrashuvda ishtirok etgani uchun davlat siri hisoblanadigan ma’lumotlar bilan tanishishdan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
CNN telekanaliga ko‘ra, hozirda Donald Trampning kuyovi maxfiy ma’lumotlar bilan tanishishga vaqtinchalik ruxsatga ega, biroq yaqinda u doimiy ruxsat olishga talabnoma berdi va FQB xodimlari bilan suhbatdan ham o‘tdi. Oq uyning ayrim xodimlari Kushnerga tegishli ruxsat berilishi rad etilishi mumkinligidan jiddiy xavotir olmoqda.
Davlat sirlari bilan tanishishga da’vogarni tekshirish FQB tomonidan amalga oshiriladi va shundan so‘ng byuro tegishli hisobotni Oq uyga yuboradi. Bu yerda xavfsizlik uchun javobgar xodimlar yakuniy qaror qabul qiladi.
Tramp istalgan holatda, hatto Oq uy xodimlari bunga rozi bo‘lmagan taqdirda ham, kuyoviga davlat sirlari bilan tanishish uchun doimiy ruxsat taqdim etish haqida ko‘rsatma berish huquqiga ega. Biroq bu Trampning Rossiya bilan “aloqalari” atrofidagi mojaroni yanada avj oldirishi mumkin.
Izoh (0)