O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘ziga yangi yordamchi topdi, deb xabar berdi O‘FF matbuot xizmati. Nigeriya terma jamoasining sobiq futbolchisi, hozirgi kunda murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Chima Mishel Oneke uning taklifiga ko‘ra terma jamoa’ murabbiylar shtabida ish boshladi.
Milliy terma jamoada jarohatlar epidemiyasi tarqalgani sababli, qolaversa, keyingi ikki o‘yinga yuqori jismoniy tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Samvel Babayan Rossiyaning “Anji” klubida Guus Hiddinkka yordam bergan Onekeni o‘z yordamchilari safiga qo‘shib oldi, deb yozilgan xabarda. U milliy termaning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mas’ul murabbiyi bo‘lib tayinlandi. Uning asosiy vazifasi milliy terma jamoa futbolchilarining jismoniy formasini qisqa vaqt ichida yuqori cho‘qqiga olib chiqib, bosh murabbiyga optimal tarkib bilan o‘ynash imkoniyatini yaratib berishdan iborat.
42 yoshli Oneke asli nigeriyalik. U Gollandiya pasportiga ega va murabbiylik faoliyatining asosiy qismi Gollandiya bilan bog‘liq. Futbolchi sifatida Nigeriya terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Gollandiyada 8 dan ortiq jamoada o‘ynab, faoliyati davomida 65 ga yaqin gol urgan. O‘zbekiston terma jamoasida ish boshlaguniga qadar Germaniyaning “Shtutgart” klubida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlab kelayotgandi.
Futbolchi sifatidagi faoliyatining oxirgi yillarini Gollandiya chempionatida o‘tkazgan Oneke tibbiyot bo‘yicha oliy ma’lumotni Gollandiyada oldi. Fitness bo‘yicha oliy darajadagi diplomni qo‘lga kiritgan mutaxassis Gollandiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Roy Makaay, Rossiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Aleksandr Kerjakov kabi futbolchilarning shaxsiy fitness murabbiyi sifatida ish boshladi.
2011-yilning iyulida Oneke gollandiyalik Guus Hiddink va braziliyalik Roberto Karlos bilan birga Maxachqal’aning “Anji” futbol klubida ishladi. O‘sha paytlarda “Anji” Rossiyaning kuchli uchligiga kirib, mamlakat kubogining finaligacha yetib bordi.
“Anji” loyihasi tugatilgach, Oneke ham Rossiyani tark etadi. U 2013-yilda Gretsiyaning “PAOK” jamoasida fitness murabbiyi sifatida ish olib bordi. 2014-yilda “PAOK” bosh murabbiy Xub Stevensni iste’foga chiqarishi natijasida, Oneke bosh murabbiy vazifasini bajaruvchilardan biri bo‘lib mavsumning oxirigacha PAOKda ishladi. Mavsum yakunida “PAOK” Gretsiya chempionatida 2-o‘rinni egallab, Gretsiya kubogi finaliga chiqdi.
Onekeni juda qadrlaydigan Xub Stevens 2014-yilda Germaniyaning “Shtutgart” jamoasiga taklif qilindi va yordamchisini o‘zi bilan birga “Shtutgart”ga olib ketdi. Germaniyadagi faoliyati davomida Oneke va uning shtabi katta hajmdagi ishni amalga oshirdi. Natijada “Shtutgart” ketma-ket 2 yil quyi ligaga tushib ketish xavfidan omon qoldi. Oneke O‘zbekiston terma jamoasiga aynan “Shtutgart”dan uchirma bo‘ldi.
Gollandiyaning Zeyst shahrida tug‘ilgan Oneke 5 ta tilni, jumladan, rus tilini ham biladi. Uning Yevropa darajasidagi bilimi, yuqori malakasi, boy tajribasi va rus tilini yaxshi bilishi, Samvel Babayanni Oneke hozirda O‘zbekiston uchun eng yaxshi nomzod ekanligiga ishontira oldi. U O‘zbekiston termasida ishlayotgan ikkinchi xorijlik mutaxassis sanaladi. Serbiyalik Deyan Jurjevich milliy terma jamoa murabbiylar shtabida ish olib borayotganiga 2 yildan oshdi.
O‘zbekiston terma jamoasi JCh saralashida 31-avgust kuni Uxan shahrida Xitoy, 5-sentabr kuni Toshkentda Janubiy Koreya bilan o‘ynaydi. Ayni paytda O‘zbekiston 8 ta o‘yindan keyin 12 ochko to‘plab, 2-o‘rindagi Koreyadan 1 ochko ortda qolmoqda.
Izoh (0)