Kolumbiya universiteti qoshida faoliyat yurituvchi Knight First Amendment Institute tashkiloti AQSh prezidenti Donald Trampni so‘z erkinligi haqidagi birinchi o‘zgartishni buzishda ayblab sudga berdi. Tramp Twitter’da unga nisbatan tanqidiy fikr bildirgani uchun bloklagan yetti foydalanuvchi nomidan sudga da’vo arizasi kiritildi, deb xabar beradi Meduza.
Knight First Amendment Institute vakillarining aytishicha, Trampning Twitter’dagi rasmiy sahifasi AQSh hukumatining ishlashi haqidagi muhim axborot manbai hamda prezident siyosatini muhokama qilish maydonchasidir. Tramp va uning yordamchilari Twitter’dan kommunikatsiya kanali sifatida foydalanadi va u yerda chop etilgan yozuvlarni rasmiy bayonot deb hisoblashni so‘raydi.
Shunday ekan, tashkilotning fikricha, Tramp unga nisbatan tanqidiy yondashgan fuqarolarning sahifalarini bloklash bilan fuqarolarning haq-huquqlarini poymol etgan.
Bundan tashqari, boshqa foydalanuvchilar AQSh prezidenti haqidagi tanqidiy fikrlarni o‘qish huquqidan mahrum qilingani aytilmoqda.
Izoh (0)