Nigeriyaning Borno shtati poytaxti Maydugurida yuz bergan to‘rt portlash oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi, 21 kishi tan jarohati oldi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Mahalliy politsiya rahbari ma’lumotlariga ko‘ra, shaharning turli burchaklarida yuz bergan teraktlarning bari terrorchi-xudkushlar tomonidan amalga oshirilgan.
Borno shtati Nigeriya hukumati va “Boko Haram” terrorchilik tashkiloti o‘rtasidagi qurolli kurashdan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlardan biri hisoblanadi.
2016-yilning dekabr oyida Nigeriya harbiylari “Boko Haram”ning so‘nggi qo‘rg‘oni — Sambisa o‘rmonini egallaganini e’lon qilgan, Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy esa jangarilar to‘la tor-mor etilgani haqida bayonot bergan edi.
Biroq oradan bir necha oy o‘tib, terrorchilik tashkiloti o‘z hujumlarini qaytadan boshladi. Ma’lumot uchun, “Boko Haram” 2002-yilda tashkil topgan va asosan Nigeriya hududida harakat qiladi. 2015-yili tashkilot IShIDga sodiqlik haqida qasamyod qilgan.
Izoh (0)