27-iyun, seshanba kuni Venesuela Oliy sudi binosiga hujum uyushtirgan politsiya ofitseri Oskar Peres prezident Nikolas Maduroning iste’fosini talab qildi. Bu haqda u Instagram’dagi videomurojaatida aytib o‘tdi, deb yozadi “TASS”.
Peres egallab olgan politsiya vertolyoti bortidan Oliy sud binosi o‘qqa tutilgan va unga bir nechta granata tashlangan edi. Jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmadi.
“Prezident Nikolas Maduro, biz sening vazirlar bilan birgalikda zudlik bilan iste’foga chiqishingni va umumiy saylovlar o‘tkazilishini talab qilamiz”, — dedi Peres.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “jinoiy hukumat”ga hech qaysi partiyaga taalluqli bo‘lmagan “harbiylar, politsiyachilar va fuqaro shaxslar”, “millatchilar va vatanparvarlar” koalitsiyasi qarshi chiqadi.
Peres ta’kidlashicha, ushbu guruh vakillari “hokimiyatni demokratik xalqqa qaytarish va konstitutsiyaviy tartibni qayta tiklash” uchun yerda va havoda operatsiya o‘tkazadi.
Izoh (0)