Amerikalik uchuvchilar shu oy mobaynidagi uchta turli operatsiyada Suriya qiruvchi samolyotlarini urib tushirishga ruxsat berishni so‘radi. Ular buni o‘zini himoya qilish zarurati bilan izohladi. Bu haqda AQSh Harbiy-havo kuchlari generali Charlz Korkoran ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.ru”.
Generalga ko‘ra, uchta holatda ham “himoyasiz aviatsiya” — yoqilg‘i to‘ldiruvchi samolyotlar Suriya yoki Rossiya qiruvchilaridan nima kutish mumkinligi mavhum bo‘lgani uchun havo hududini tark etgan.
“Biz keskinlikni yumshatishga harakat qilyapmiz. Bu yerda IShIDga qarshi kurashish uchun bo‘lib turibmiz, biroq harbiylarimizni Suriya tuzumi nomidan harakat qilayotgan shaxslardan himoya qilishimiz ham zarur. Agar AQSh harbiy kuchlariga qarata o‘q uzilgudek bo‘lsa, ular albatta o‘zini mudofaa qiladi.
Umuman olganda, Iroqdan farqli ravishda, Suriyada rasmiylar tomonidan ijozat olinmasligi tufayli parvozlarni amalga oshirish anchayin mushkul masala”, — ta’kidladi Charlz Korkoran.
Eslatib o‘tamiz, AQSh boshchiligidagi koalitsiya aviatsiyasi 18-iyun kuni Raqqa shahrida Suriyaning Su-22 qiruvchi samolyotini urib tushirgandi.
Izoh (0)