O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti noyob qo‘lyozmalarni sotib oladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Institut qo‘lyozmalar fondi jahondagi eng nodir ma’naviy xazinalardan biri bo‘lib, olti bo‘limda 26 ming jild qo‘lyozma, 39 ming jild toshbosma kitoblar va 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlar, xattotlik namunalari va miniatyuralar kolleksiyasi mavjud. Ular Markaziy Osiyo, xorijiy Sharq xalqlarining tarixi, madaniyati, adabiyoti va fanlari tarixini o‘rganish uchun birlamchi manbalardir. Mazkur fond 2000-yilda noyob ilmiy va madaniy obyektlardan biri sifatida YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Davlat rahbarining qarori bilan zamonaviy talablar asosida institutning asosiy vazifa va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgani institute faoliyati ko‘lamini yanada kengaytish, yangi sifat bosqichlariga olib chiqish imkonini beradi.
Dastlabki vazifa — Sharq qo‘lyozmalari fondini saqlash, ta’mirlash, boyitish va muayyan tizimga keltirish, arab yozuvidagi turli mavzularga oid yozma yodgorliklar va epigrafika namunalarini tadqiq qilish, ularni asl holida, o‘zbek va xorij tillarida ilmiy izohlar, tarjimalar bilan nashr etish, ilmiy muomalaga kiritishdan iborat.
Aholida ko‘plab noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar saqlanmoqda. Ularni izlash, xarid qilish va fondga jamlash, tadqiq etish va keyingi avlodlarga yetkazish — muhim vazifa. Prezident qarori bilan bu borada katta imkoniyatlar yaratildi — institut fondini aholida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar hisobiga boyitish bo‘yicha ekspertlar guruhi, noyob manbalarni baholash va sotib olish bo‘yicha komissiya tuzildi. Endi noyob manbalar Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi belgilagan tartibda tasdiqlanadigan nizomga asosan xarid qilinadi.
Bu jarayonning mexanizmi ishlab chiqilmoqda. Sodda aytganda, bunda arxeografik ekspeditsiyalar uyushtirilib, noyob manbalar aniqlanadi. Ekspertlar guruhi hamda Komissiyaning tegishli xulosalari bilan ular baholanadi, narxlanadi. Mulk egasining roziligi bilan bu manbalar sotib olinadi.
Agar xalq orasida kimdadir shunday noyob qo‘lyozmalar bo‘lsa, institutga murojaat qilishi mumkin. Yevropa va Osiyoning ko‘plab mamlakatlari kutubxonalarining “oltin fond”ini tashkil etayotgan asarlarning elektron nusxalarini ayirboshlash yoki olish hisobidan O‘zbekistonga keltirish ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)