Bugungi kunda vayronkor kuchga ega bo‘lgan pornografiyaning targ‘iboti jinoyatga yetaklovchi kuch sifatida namoyon bo‘layotgani hech kimga sir emas. AQShning Yuta universiteti psixologi Viktor Klaynning ta’kidlashicha, insonda pornografiyaga o‘rganish avval hissiyotlar, so‘ng ong xiralashuviga olib keladi va bu kabi bosqichlar jamiyatda zo‘ravonlik, shafqatsizlik kabi jinoyatlarning kelib chiqishiga bosh sababchi bo‘ladi, deb yozadi Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xodimi Gavhar Mahmudovna.
Xorijning kriminal dunyosida besh nafar o‘g‘il bola o‘limiga aloqador jinoyatchi sifatida tanilgan Artur Gari Bishop ruhshunos bilan suhbati jarayonida “Pornografiya mening qulashimni belgilab berdi” degan edi. 28 nafar ayolning qotiliga aylangan Ted Bandi esa o‘z vaqtida pornografiyaga mukkasidan ketgan muxlis sifatida ta’riflangan.
Surxondaryo viloyatining chegara-bojxona komplekslari va postlari orqali o‘tayotgan ayrim yo‘lovchilar tomonidan ushbu turdagi qoidabuzarliklar hamon sodir etilayotgani afsuslanarli.
Masalan, “Sariosiyo” temir yo‘l chegara bojxona posti orqali harakatlanayotgan xorijlik 20 yoshli N.Kibriyoning qo‘l yuklari orasidagi telefoni bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning xotirasida 26 dona behayo mazmundagi rolik mavjudligi aniqlandi.
Kibriyo bu telefon uning shaxsiy mulki, unda saqlanayotgan ma’lumotlar to‘g‘risida o‘zi javobgar ekanligi, bundan tashqari O‘zbekistonda pornografik materiallar taqiqlanganligi haqida birinchi marta eshitayotganligini e’tirozli ohanglarda ta’kidladi. Ammo qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi.
Sud qaroriga ko‘ra N.Kibriyo O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 189-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, uning 1 million 200 ming so‘mga baholangan Samsung Galaxy J3 Duos rusumli telefon apparatidagi behayo tasvirlar mutaxassis tomonidan tozalangach, davlat egaligiga o‘tkazilishi ko‘rsatildi.
Ushbu mazmundagi 98 dona videorolikni o‘z telefonida saqlab kelayotgan fuqaro B.Lochin Moskva—Termiz reysi bilan Surxondaryoga uchib kelganida, bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolindi. Telefon apparatidagi pornografik materiallar haqida so‘ralganda, B.Lochin bir muddat ilgari 2 ming Rossiya rubliga telefon sotib olgani va ushbu telefon apparatidan shu vaqtga qadar o‘zi bilan bir qatorda boshqa tanishlari ham foydalanib kelganligini ta’kidladi.
Yana bir holatda Surxondaryo bojxona maskanlaridan tranzit tarzida o‘tayotgan chet el fuqarosi B.Temurning qo‘l yuklari soha xodimlari tomonidan tekshirilganda, ushbu yo‘lovchining telefon xotirasida 506 dona behayo videolavha borligi aniqlandi. Sud qarori bilan tegishli jazoga tortilgan huquqbuzarning telefon xotirasi tozalangandan so‘ng, davlat egaligiga o‘tkazilishi belgilandi.
Ushbu mazmundagi turli axborotlarni Internetdan istalgancha yuklab olish na bojxona va na boshqa chegaralarga bo‘ysunmaydi, ularni O‘zbekiston hududida bo‘la turib ham, bemalol olish mumkin degan fikr yuzaga kelishi mumkin. Lekin, buning uchun ham milliy qonunchilikda qat’iy javobgarlik belgilangan!
Izoh (0)