Britaniyalik mashhur adib va olim, “Uzuklar hukmdori” epopeyasi muallifi Jon Tolkinning (1892–1973) “Beren va Lyutiyen” nomli shu paytgacha nashr qilinmagan kitobi dunyo yuzini ko‘rdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Kitob oddiy insonning o‘lmas elflar avlodiga mansub qizga bo‘lgan muhabbati haqida hikoya qiladi.
Tanqidchilarning so‘zlariga qaraganda, yangi kitobda o‘ta shaxsiy voqea bayon etiladi. Unda, shuningdek, O‘rta Yer afsona va rivoyatlari to‘plami — “Silmarillion”dagi ayrim lahzalar aks etgan.
Yangi kitobga adibning 92 yoshli o‘g‘li Kristofer muharrirlik qildi, rasmlarni Alan Li yaratdi. U o‘z vaqtida Piter Jeksonning “Uzuklar hukmdori” kinotrilogiyasi yaratilishiga qo‘shgan hissasi uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Atoqli tilshunos Jon Tolkin umri davomida german xalqlari tillari va madaniyatini o‘rganib kelgan. U anglo-saksonlarda epos yo‘qligi uchun “Uzuklar hukmdori” olami hamda u haqidagi kitoblarni yaratishga qaror qilgan. Buning uchun yigirmadan ortiq sun’iy tillar ishlab chiqqan. U yaratgan tillardan bir nechtasi, jumladan, elflarning sindarin va kvenya tillari jahon universitetlarida o‘rgatiladi. “Uzuklar hukmdori” va umuman Tolkin ijodi XX asr madaniyatiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan.
Izoh (0)