Rossiya mudofaa vazirligi Tu-154 samolyotining Qora dengiz osmonidagi halokatining tekshiruvi yakunlarini e’lon qildi va halokatga ekipaj komandirining samolyotni boshqarish chog‘idagi xato harakatlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
“Tekshiruv natijalariga ko‘ra aniqlandiki, hodisaga havo kemasi komandirining makonda mo‘ljal ololmasligi natijasida havo kemasini boshqarish organlaridan xatolik bilan foydalanishi sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, xabarlarga ko‘ra, samolyot halokatini tekshirish bo‘yicha komissiya yoqilg‘i quyish qoidalari buzilganini aniqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yil 25-dekabr kuni Sochi shahridan ko‘tarilgan Tu-154 samolyoti havoga ko‘tarilganidan 70 soniya o‘tib Qora dengizga qulagan edi. Aviahalokat oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 92 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Yo‘lovchilarning aksariyati Rossiya armiyasining Aleksandrov nomidagi ashula va raqs ansambli a’zolari edi. Ular rossiyalik harbiylarga Yangi yil konserti taqdim etish uchun Suriyaga uchib ketayotgan edi.
Izoh (0)