AQShning Dirborn shahrida yashovchi Muhammad Bazziy halol mahsulot ko‘rinishida cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan pitssa bilan savdo qilganlikda ayblab Little Caesars restoranlar tarmog‘ini sudga berdi. Bu haqda Detroit Free Press xabar berdi.
Muhammad Bazziy kompaniyani shartnomani buzish, loqaydlik tufayli ma’lumotlarni chalkashtirish, noqonuniy boyish va firibgarlikda aybladi. U Little Caesars’dan tovon tariqasida 100 million dollar talab qildi.
Da’vo arizasiga ko‘ra, 20-mart kuni Bazziy va uning turmush o‘rtog‘i restoranda “halol pitssa”ni tanovul qilayotganda uning cho‘chqa go‘shtidan tayyorlanganini payqaydi. Ular politsiyaga arz qildi, biroq 24-mart kuni bu voqea yana takrorlandi.
Little Caesars vakili Jill Proktor kompaniya ilgari surilgan ayblovlarni asossiz deb hisoblashini ma’lum qildi.
Izoh (0)