22-may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Turkmaniston Aloqa vazirligining vazir o‘rinbosari Ashir Garayev boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning yangi sahifasi ochilib, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori darajali munosabatlar o‘rnatilayotganligi ta’kidlandi. Jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi o‘zaro aloqalar tobora rivojlanmoqda.
Uchrashuvda qayd etilganidek, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, hamkorlikda AKT yo‘nalishida tajriba almashishning istiqbollarini o‘rganish muhim masala hisoblanadi. Xususan, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, “elektron hukumat”ni rivojlantirish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Izoh (0)