Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi parlamentlararo hamkorligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, Yevropa parlamenti deputatlari, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralar vakillari ishtirok etdi.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S. Otamurodov, Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi A. Jalilov, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A. Saidov va boshqalar O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik barcha jabhalar qatori parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Bunday hamkorlik ijtimoiy hayotning turli sohalarida muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishdan tomonlar manfaatdorligiga asoslangan.
Davra suhbatida Oliy Majlis va Yevroparlamentning parlamentlararo munosabatlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, taraqqiyotga ko‘maklashishda “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” hamkorligi masalalari muhokama qilindi.
Yevropa parlamenti a’zolariga O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari, tuzilmasi va salohiyati, mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan huquqiy kafolatlar, yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushining ortayotgani haqida ham ma’lumot berildi.
Yevroparlament deputatlari ham, o‘z navbatida, Yevropa davlatlarida ro‘y berayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar xususida axborot berdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ular O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini ijobiy baholab, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekiston alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va unda belgilangan vazifalar, birinchi navbatda, fuqarolar manfaatlarini ta’minlash imkonini beradigan vazifalarga yuksak baho berildi.
Davra suhbatida muhokama natijalari bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, xalqaro tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Yevropa parlamenti delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ham uchrashuv o‘tkazdi.
Izoh (0)