2017-yilning 5—16-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan respublikaning barcha hududlarida kasb-hunar kolleji va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes g‘oyalarini saralash “Startap haftaliklari” – innovatsion g‘oyalar tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbirlarda markaziy va mahalliy davlat organlari, tijorat banklari, Savdo-sanoat palatasi vakillari va investorlar respublikadagi kasb-hunar kollejlari hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga o‘z bizneslarini boshlashi uchun moliyaviy ko‘mak hamda axborot-maslahat berish maqsadida jalb etiladi
Tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlaridagi oliy ta’lim muassasalari hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. “Startap haftaliklari” mobaynida bitiruvchilar tomonidan tijorat banklari hamda salohiyatli investorlar, davlat hokimiyati organlari vakillariga o‘z loyihalarini namoyish etishi va o‘z bizneslarini boshlash uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib beriladi.
Bundan tashqari, tadbirlar mobaynida tanlab olingan loyihalar asosida biznes g‘oya tashabbuskorlari tijorat banklari va salohiyatli investorlar bilan ularni moliyalashtirish va shartnomalar tuzish uchun ishchi uchrashuvlar o‘tkazadi.Shuningdek, eng yaxshi loyihalar tashabbuskorlariga tadbir tashkilotchilari tomonidan qimmatbaho sovg‘alar hamda sertifikatlar topshiriladi.
Tadbirda ishtirok etish istagida bo‘lgan bitiruvchilar loyihaning qisqacha ta’rifi va hal etiladigan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar (vazifalar), loyihaning maqsadi, foydalanuvchilar auditoriyasi (mijozlar), loyihaning qiymati (o‘z mablag‘lari, tijorat binklari kreditlari, investorlar mablag‘lari), amalga oshirish muddatlari, loyihani amalga oshirish natijasida yaratiladigan ish o‘rinlari va boshqa ma’lumotlar asosida loyiha pasportini taqdim etadi. Tadbir yakuniga ko‘ra bitiruvchilarning “startup” loyihalarini amalga oshirilishi va moliyalashtirilishi monitoringi bo‘yicha maqsadli dastur ishlab chiqiladi.
Izoh (0)