Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
“Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining nomlari e’lon qilindi. Ular uchta asosiy – “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri” va “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishida taqdirlandi.
“Yilning eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyasida Toshkent viloyatidagi Torimed Pharm mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ahadjon Shukurov g‘olib bo‘ldi. Buxoro viloyatidan Ahmad Arabov “Yilning eng yaxshi hunarmandi” deb e’tirof etildi. Andijon viloyatidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Ismoilov “Yilning eng yaxshi fermeri” deb e’lon qilindi.
“Yilning eng yosh tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli“, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Yilning eng yaxshi eksportchisi” va “Respublika ichki bozorida talab bo‘lgan yangi turdagi iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqqanlik uchun” kabi nominatsiyalar g‘oliblari ham e’lon qilindi.
Asosiy nominatsiyalar g‘oliblariga Prezident sovrini – Spark avtomobili, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblariga pul mukofotlari, maxsus nominatsiyalar sovrindorlariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. G‘oliblar xalqaro tanlovlar, yarmarkalar, seminarlarda ishtirok etishi, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha chet elda malaka oshirishi mumkin.
Izoh (0)