“Mehr va Oqibat” nodavlat-notijorat tashkiloti va Toshkent Davlat yuridik universiteti o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashinuv memorandumi imzolandi. Bu haqda “Daryo”ga NNT mutasaddilari ma’lum qildi.
Memorandum imzolanishiga bag‘ishlangan uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasining jonivorlar himoyasi sohasidagi qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni birgalikda ishlab chiqish, aholi o‘rtasida tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni himoya qilish, jonivorlar bilan insoniy munosabatda bo‘lish masalalarida tushuntirish ishlarini olib borish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik yuzasidan kelishib oldi.
“O‘zbekiston Respublikasining ‘Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida’gi qonuni doirasidagi hamkorlik atrof-muhit himoyasi, xususan, uy jonivorlari va qarovsiz hayvonlar himoyasi bo‘yicha huquqiy bilimlarni oshirish borasidagi o‘zaro faoliyatni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Birgalikda amaldagi qonunchilikka zarur o‘zgarishlar kiritish bo‘yicha takliflar ustida samarali ishlashimiz mumkin”, — deya ta’kidladi “Mehr va Oqibat” NNT ijroiya qo‘mitasi raisi Timur Aripov.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)