Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnomani uning tomonlari va O‘zbekiston o‘rtasida qo‘llash bo‘yicha Protokolni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi. Qonun Qirg‘iziston Jokorgu Keneshi tomonidan 25-yanvarda qabul qilingandi, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.
Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnoma 2011-yil 18-oktabrda Sankt-Peterburgda MDH hukumatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida tuzilmaga a’zo 8 davlat (Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va Ukraina) tomonidan imzolangan. Tojikistondan tashqari barcha davlatlar tomonidan shartnoma ratifikatsiya qilingan.
Shartnomani uning tomonlari va O‘zbekiston o‘rtasida qo‘llash haqidagi protokol 2013-yil, 31-mayda Minskda imzolandi. Hujjat eksport va import bojxona bojlari, shuningdek, taqiq va cheklovlarni qo‘llashga oid ilovani o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston mazkur protokolni 2013-yil dekabrida ratifikatsiya qilgandi. “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)