Yagona umumrespublika protsessing markazi OAVlarda 1-martdan boshlab o‘zbekistonliklar plastik karta hisoblari bo‘yicha overdraft xizmati (mijozning hisobida to‘lovni amalga oshirish uchun yetarlicha mablag‘ qolmaganida, bank tomonidan qarz berilishi)dan foydalanishi mumkin bo‘lishi haqida paydo bo‘lgan xabarlarga izoh berdi.
“Xabarlarda ayni paytda Yagona umumrespublika protsessing markazi ushbu xizmatni joriy qilish ustida ishlayotgani haqida aytiladi. Bugungi kunda ushbu funksiya markaz tomonidan texnik jihatdan allaqachon amalga oshirib bo‘lingan. Ammo yakuniy moliyaviy mahsulotning o‘zi foydalanuvchilarga tijorat banklari tomonidan taqdim etiladi”, — deyiladi Yagona umumrespublika protsessing markazi rasmiy saytiga joylashtirilgan xabarda.
Avvalroq plastik kartalar egalari balans nol bo‘lib turgan holatda ham tovarlar va xizmatlar uchun pul to‘lashi mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgan edi. Bunda balansi nol bo‘lgan odam o‘z kartasi bilan muayyan summani to‘lashi, uning maosh kartasiga pul tushganidan so‘ng qarz avtomatik tarzda yopilishi aytilgan edi.
Izoh (0)