“Ishonch” gazetasi “Kollejlardagi davomat: muammo bilan yuzma-yuz” sarlavhali maqolani e’lon qildi.
“Kecha va bugun
Ko‘pchilik, ayniqsa, yoshi kattalar yaxshi bilishadi: bundan yigirma-yigirma besh yillar avval, 11 yillik umumta’lim maktablarini tamomlagan yoshlar oldida ikki yo‘l turardi: oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish yoki... biror kasbni egallash haqida bosh qotirish. Yanayam ochiqroq va to‘g‘rirog‘i esa oliy o‘quv yurtlariga, boringki, o‘ntadan bittasi kirardi, qolganlari esa ko‘chada qolardi. O‘sha davrning barmoq bilan sanarli “texnikum”larida kasb-hunarga o‘rgatish yo‘liga, haminqadar bo‘lib, tizim ham nomigagina ishlardi. Minglab kasb-hunar kollejlari bunyod etilib, 12 yillik bepul, majburiy ta’limni yakunlagan yoshlar bilim olish barobarida, hunar ham egallayotgani mamlakatimizda olib borilgan oqilona siyosatning yorqin dalolatidir. Yoshlarning o‘z ixtisosligi bo‘yicha mehnat qilish imkoni yaratilgani bilan bir qatorda sanoat, tadbirkorlik, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qo‘yingki, barcha sohada tizimli rivojlanishga turtki berildi.
Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: davlat tomonidan yaratib qo‘yilgan beqiyos imkoniyat va sharoitlardan hamma vaqt, barcha joylarda ham unumli foydalanilayaptimi? Ta’lim maskanlarida, jumladan, kasb-hunar kollejlarida ta’lim sifati qanday? Davomat-chi? Muxbirlarimiz tomonidan olib borilgan jurnalistik surishtiruvlardan ko‘zlangan asosiy muddao aynan shu kabi savollarga javob izlash edi. Darhaqiqat, ushbu jarayonda imkon qadar olis tumanlar, qishloq joylardagi ta’lim muassasalari bilan yaqindan tanishildi. Bir qadar ko‘zdan pana, mutasaddilar ham uncha-munchaga boravermaydigan hududlardagi vaziyatni o‘rganish haqiqiy ahvolni bilishning eng xolis yo‘li, deb bildik.Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari izchil ravishda muloqotlar uyushtirayotgani, joylardagi ijtimoiy masalalar bilan yaqindan tanishayotganliklari bois kollejlarimizda tartib-intizom, ta’lim sifati va bosh¬qa masalalarga ijobiy ta’sir etayotganini ta’kidlashimiz joiz. Biroq davomat, ta’lim-tarbiya sifati, o‘quv maskanidagi sharoitlar borasida hali muammo va nuqsonlar kam emasligi... achinarlidir.
Bordan yo‘g‘i ko‘proq
Sir emaski, o‘quvchilar dars va amaliy mashg‘ulotlarga o‘z vaqtida, muntazam ishtirok etsagina, fanlarni, kasb sirlarini chuqur o‘zlashtiradi. Aksi bo‘lsa-chi?
Ochig‘i, Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejidagi vaziyat bizni taajjubga soldi. Ushbu kollejda ayni paytda 1053 nafar o‘quvchi ikkiga bo‘linib, ikki navbatda tahsil olar ekan. Joriy yil 9-fevral holatiga ko‘ra, tushgacha o‘qishga kelishi lozim bo‘lgan 660 nafar o‘quvchidan 335 nafarigina darsda ishtirok etayotganini qanday tushunish mumkin? Tushdan keyingi davomat yanada achinarli: 392 nafar o‘quvchidan 230 nafari darsda emas! Kollej ma’muriyatining ma’lumotiga ko‘ra, ularning 25 nafari umuman kelmaydi.
Bu kabi holat Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida ham kuzatildi. Joriy yil 4-fevral holatiga ko‘ra, 181 nafar o‘quvchidan 99 nafari darsga kelmagan.
Qo‘shrobod iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida 8-fevral kuni soat 9:00 da 480 nafar o‘quvchidan 50 foizi kelgan, soat 10:00 da bu ko‘rsatkich 55 foiz, soat 11:00 da esa 62 foizga yetgan. Bu kabi holatga 15-fevral kuni Yangiyo‘l qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida (371 nafar o‘quvchidan 146 nafari darsga kelmagan) ham guvoh bo‘ldik. Misol uchun, ushbu kollejning 3-kurs kadastr yo‘nalishidagi guruhida o‘quvchilar 36 nafar bo‘lishi lozim bo‘lgani holda, 17 o‘quvchi darsda hozir bo‘ldi. Davomatdagi muammoli holatlar Xo‘jayli yengil sanoat, Mirzaobod xizmat ko‘rsatish, Izboskan xizmat ko‘rsatish va servis, Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish, Karmana sanoat va xizmat ko‘rsatish, Qo‘shko‘pir qurilish va transport, Shovot yengil sanoat, Navoiy pedagogika va xizmat ko‘rsatish hamda Paxtakor xizmat ko‘rsatish kabi kollejlar uchun ham yangilik emas ekan. Yana bir achinarli holat, kollejlarga ko‘plab o‘quvchilarning kechikib kelayotganligidir.
Tahlil chog‘ida ayrim sabablar oydinlashdi. Xo‘sh, bular nimalardan iborat?
Ta’lim sifati talab darajasidami?
Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, davomatning eng asosiy tomiri kollejlardagi ta’lim-tarbiya sifati bilan bog‘liqdir. Agar o‘quvchi yetarli va kerakli bilim olmasa, uning kollejga uch yil qatnashidan nima naf? Shu o‘rinda Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida viloyat muxbirimiz uchta guruh (bitta 2 kurs, ikkita 1-kurs) jamlanib, bir xonada ingliz tili darsi o‘tilayotganiga guvoh bo‘lgan. Vaholanki, kurslar har xil, o‘tiladigan mavzu ham qog‘ozda turlicha. Ammo dars bir vaqtning o‘zida o‘tilmoqda. Buni izohlashga hojat ham yo‘q.
Darhaqiqat, ko‘plab kollejlarimizda kadrlar, ya’ni pedagog o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ustalarining yetishmasligi yoki bilim darajasi pastligi bor gap. O‘qituvchilarda tashabbuskorlik sezilmaydi, boz ustiga ular o‘z ustida muntazam ishlamaydi. O‘zlarining haminqadar bilimi va tajribasi bilan o‘quvchilarni chalg‘itishga, dars mavzusiga umuman daxldor bo‘lmagan gaplar bilan vaqtni o‘tkazishga urinish hollari ham ko‘p kuzatiladi. Gohida hamkasbini o‘z guruhini qo‘shib dars o‘tib turishga ko‘ndirib, shaxsiy ishlarini bemalol bajarib yurganlar ham uchrab turadi.Ta’lim sifati pastligini dars va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiluvchi o‘quv qurollari, texnika va texnologiyalar yetishmasligida ham ko‘rish mumkin. Misol uchun, Shovot yengil sanoat kasb-hunar kollejida tikuvchilik yo‘nalishida tahsil oladigan 289 nafar o‘quvchi uchun 12 ta tikuv mashinasi, Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida 3 tagina tikuv mashinasi (u ham bo‘lsa ma’nan eskirgan) mavjud.
— Qizim ushbu kollejda tikuvchilik bo‘yicha 2-bosqichda o‘qisa-da, hali malaka hosil qilgani yo‘q, — deydi o‘sha yerlik maktab o‘qituvchisi Umida Yo‘ldosheva. — Buni qarangki, qo‘shnimizning qizi 2 oylik tikuvchilik kursiga qatnab, yaxshigina chevar bo‘lib qolibdi.
Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejidagi ta’lim sifati haqida viloyatdagi muxbirimiz shunday deydi: “O‘qituvchilar darsga hamisha ham puxta tayyorgarlik ko‘rib kelishmaydi. Dars jarayonida ko‘rgazmali qurollar, innovatsion pedagogik texnologiyalardan umuman foydalanilmayapti”.
Mirzaobod xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida 2016—2017-o‘quv yilida ikkita yo‘nalish: “Oshpazlik” hamda “Avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish” yo‘nalishlari ochilgan bo‘lsa-da, buning uchun ustaxonalar mavjud emas. Izboskan xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejida esa “Avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish” yo‘nalishi uchun ajratilgan ustaxonalar bo‘m-bo‘sh, biron-bir jihoz yo‘q. Xo‘jayli tuman yengil sanoat kasb-hunar kollejidagi holat ham maqtagulik emas. Ixtisoslik bo‘yicha qishloq xo‘jaligi texnikalari namunalari yo‘q, mashinalar ehtiyot qismlari bilan jihozlangan maxsus xonalar mavjud emas.
Andijon tuman sanoat-energetika kasb-hunar kollejida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun shart-sharoitlar haminqadar. Masalan, “Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha texnik-mexanik” hamda “Temir yo‘l elektrotexnika tizimlaridan texnik foydalanish” yo‘nalishlari bo‘yicha ustaxonalarda birorta ham jihoz yo‘q. Chust qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida 2014—2015-o‘quv yilida yangi ochilgan “Qishloq xo‘jaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish” yo‘nalishi uchun amaliyot jihozlari umuman mavjud emas, xona jihozlanmagan.
Yoshlar nazariy asoslarni o‘rganishyapti, amaliyotda esa tanlagan sohadagi yumushga dadil qo‘l ura olishmayapti. Maxsus ustaxonalar va jihozlarning yetishmasligi surishtiruv olib borilgan kollejlarning aksariyatiga tegishli ekanligiga nima deysiz? Ma’lumki, hunar o‘rganishni amaliyotsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Olaylik, avtomobil haydab malaka hosil qilmagan o‘quvchi qanday qilib nazariy bilim bilangina haydovchilik qilishi mumkin? Xulosa shuki, bu masalaga mutasaddilar tomonidan jiddiy yondashilishi lozim, deb o‘ylaymiz.
Manzil olis...
Viloyatlarda qishloqlar tarqoq va bir-biridan ancha olisda joylashgani bois o‘quvchilarning kollejlarga qatnashi borasidagi muammolarga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jumladan, Qo‘shrobod iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchilaridan bir guruhi tog‘li “Shamolli” qishlog‘ida yashaydi. Ular kollejga kelish uchun Zarband qishlog‘i orqali 52 kilometr yo‘l bosib qo‘yishi kerak. Yana bir guruh o‘quvchi esa Tuvadoq, Tozg‘ara hamda Ejgant qishloqlaridan avvaliga 6-8 km piyoda, so‘ngra 14 km ni avtotransportda bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejiga ham 30—35 km dan qatnaydigan o‘quvchilarning aksariyati yo‘nalish bo‘yicha avtobus ham, taksi ham yo‘qligidan nolishadi. Kollejga eltadigan yo‘llar, asosan, qir-adirlikdan iborat bo‘lgani bois, ayniqsa, qish kunlari qatnov anchayin qiyinlashadi.
Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialidagi davomatning pastligi ham qish kunlari uzoqdan qatnaydigan o‘quvchilar tufayli ekani aniqlandi. Afsuski, bu kabi — o‘nlab kilometr yo‘l bosishni talab etuvchi hududni qamrab olgan kollejlar olis hududlarimizda keragicha topiladi.
— Qizim Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kollejiga borib kelishi uchun kuniga 5—6 ming so‘m sarflaydi, — deydi tumandagi “Qoratosh” mahallasida yashovchi Esirgap Egamov. — Yotoqxonaga qo‘yay desam, u yerdagi sharoitlar qoniqarli emas.
Ayrim joylarda yo‘llarning sifatsizligi ham aholi e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
— “Dilorom” mahallasidan to kollejimiz oldidagi ko‘prikkacha yo‘l yozda chang, qishda esa balchiq holatda, — deydi Paxtakor xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Shodiyor Tursunqulov. — Hayronmiz, tuman mutasaddilari bunga qachongacha tomoshabin bo‘lib turisharkin?
Ha, bu borada tizimli choralar ko‘rish zarur. Masalan, Karmana sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga Malikrabod hududidan qatnaydigan o‘quvchilar uchun avtobus qatnovi mavjud. Mirzaobod xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga qatnaydigan o‘quvchilar uchun yettita mahalla yo‘nalishi bo‘yicha, yo‘l haqi arzonlashtirilgan holda Isuzu avtobusi qatnaydi. Bunday yechimlar hududlardagi mutasaddilarni o‘ylantirishi zarur, albatta.
Diplom bor-u ish yo‘q
Kasb-hunar egallagan yoshlarning o‘zlari istiqomat qilayotgan hududda aynan egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ish topish imkoniyati ham o‘rganildi. Nafsilambrini aytganda, bu masalaning ham og‘riqli ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Bitiruvchilarni ishga joylashtirish borasida ko‘plab xayrli ishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, ayrim joylarda bu ishga xo‘jako‘rsin qabilida yondashilayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, Oqdaryo politexnika kollejida bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish darajasi 20 foizni tashkil etadi. Hududda mazkur yo‘nalishda mehnat qilish imkoniyatini beruvchi korxonaning o‘zi yo‘q.
— “Dilorom” MFYga bordim, biron tashkilot bilan shartnoma tuzish imkoni bo‘lmadi, — deydi mazkur kollejning “Buxgalteriya” yo‘nalishi 3-bosqich o‘quvchisi Gulbahor Murodova. — Akam ham shu kollejni bitirgan, ammo ko‘p yillardan buyon ishsiz.
Kollej direktorining ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha o‘rinbosari Qahramon Sulaymonovning ma’lumot berishicha, tumandagi “Yagona darcha”, Agrobank, Xalq banki, Milliy bank, gaz va elektr tarmoqlari singari ko‘plab idoralar rahbarlari to‘rt tomonlama shartnomalar tuzishda turli bahonalarni ro‘kach qilib kelishayotir. Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida veterinariya, tikuv va tikuv-trikotaj buyumlari ishlab chiqarish, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash hamda fermer xo‘jaliklari kabi yo‘nalishlarda o‘qitilsa-da, ammo hududda ushbu yo‘nalishlarning aksariyati uchun ish o‘rinlari mavjud emas. Tuzilgan to‘rt tomonlama shartnomalar ham qog‘ozda qolib ketayapti.
Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialini har yili 50-60 nafar o‘quvchi tamomlaydi, bitiruvchilarning ixtisoslik bo‘yicha ishga joylashish imkoni esa yo‘q.
Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida sobiq o‘quvchilarning ish bilan ta’minlanmagani o‘quvchilarda ikkilanishni yuzaga keltirayotgani ham shundan emasmikan?
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: hududlarda kollejlarning ixtisoslashuvi yo‘nalishlar bo‘yicha rejalashtirilayotganda o‘sha yerda mazkur kasblarga bo‘lgan ehtiyoj qay darajada o‘rganilayapti? Talab bo‘lmagan kasb-hunarni o‘rgangan bitiruvchi dodini kimga aytsin?
Chust qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida bevosita bandlik masalasiga taalluqli bir misolni keltirib o‘tsak. O‘tgan o‘quv yili yakunida 30 nafar bitiruvchi o‘z biznes g‘oyasini o‘rtaga tashlab, tijorat banklariga imtiyozli kredit olish uchun murojaat qilgan. Sansalorlik, beparvolik, ortiqcha qog‘ozbozlik natijasida faqat bir nafar bitiruvchi 6,5 mln. so‘m kredit olib o‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, xolos. Ikki nafar bitiruvchi yaqinlarining ko‘magida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshlagan. Qolganlar-chi?
Bizningcha, bu borada bandlik hamda joylarda ish o‘rinlariga bo‘lgan talab masalasida jiddiy monitoring olib borilmayapti.
Hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, istiqbolli sohalarni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayapti. Ko‘plab sanoat korxonalari, agrofirmalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ham davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayapti. Bu esa ko‘plab yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga zamin hozirlayapti. Kasb-hunar kollejlarimizga yo‘nalishlar yangiliklardan kelib chiqqan holda belgilab berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ayrim kollejlarda belgilangan kvota o‘rnidan ko‘proq, boshqalarida esa, aksincha kamroq o‘quvchi ta’lim olayotgan holatlar ham kuzatildi. Masalan, Chust qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida joriy yilda belgilangan 420 kvota o‘rniga 476 nafar o‘quvchi 1-bosqichda o‘qishni boshlashgan. Andijon tuman sanoat-energetika kasb-hunar kolleji 720 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ayni paytda 1068 nafar o‘quvchi qatnamoqda.
Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida mo‘ljaldagi 615 nafar o‘rniga 480 nafar yoki 450 nafarga mo‘ljallab qurilgan Galaosiyo iqtisodiyot kasb-hunar kollejida 407 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu holat ham jiddiy o‘ylab ko‘riladigan masala. Chunki, zo‘rma-zo‘rakilik, masalan, 30 ta o‘rniga 50 o‘quvchini majburlab o‘qitish ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda ham ortiqcha muammolarga sabab bo‘ladi.
“Saroy” pechlari yoxud sovuqqotganida kalla ishlaydimi?
Kollejlardagi sharoitlar, xususan, qish-qirovli kunlarda ulardagi isitishning ahvoli ham nazoratdan chetda qolmadi. Chunki bu holatlar ham bevosita davomatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Ya’ni, qish kunlari ota-onalar farzandining kasal bo‘lib qolishidan cho‘chib, kollejga yubormaslikni ma’qul ko‘rishmoqda.
Misollar keltiramiz. Shovot yengil sanoat kasb-hunar kollejida xonalar sovuq, chunki elektr deyarli bo‘lmagani sababli binoni isitishning iloji yo‘q. O‘qituvchi va o‘quvchilar qalin kiyimlarda yurishga majbur. Bu esa shamollash, gripp kabi kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘lib, davomatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Darvoqe, mavjud kompyuterlar, tikuv dastgohlari elektr yo‘qligi uchun o‘qsiz qurolday bekor turibdi.
Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida ham isitishning holiga, ta’bir joiz bo‘lsa, maymunlar aza ochgan. Ikki-uchta xona qo‘lbola pech yordamida ko‘mir bilan isitiladi, xolos.
Yangiyo‘l qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida isitish tizimi umuman ishlamaydi. Bu kabi muammolar Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish, Karmana sanoat va xizmat ko‘rsatish, Qo‘shko‘pir qurilish va transport, Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik, Xo‘jayli yengil sanoat, Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis, Galaosiyo iqtisodiyot kasb-hunar kollejlarida ham mana men deb bo‘y cho‘zib turibdi.
Ayrim kollejlar yonidagi yotoqxonalar bilan tanishilganda ham qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Paxtakor xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejidagi ellik o‘rinli yotoqxonada 16 nafar o‘quvchi turadi. Ammo bir qavatli mazkur binoga suv tashqaridan tashib keltiriladi, yuvinish xonalari bor-u, suvning o‘zi yo‘q. Mirzaobod xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 200 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonasiga 110 nafar bola joylashgan. Yotoqxonada kanalizatsiya tizimi, issiq va sovuq suv umuman yo‘q. Va hokazo!
Kitoblarni kim o‘qiydi?
Yana bir gap. Kollejlarimiz kasb-hunar o‘rgatadigan dargohgina emas, balki ma’naviyat maskani hamdir. Bu yerda o‘quvchilar ta’lim olish barobarida o‘z ma’naviy olamini, dunyoqarashini ham boyitib boradi. Bu o‘rinda Axborot-resurs markazlari alohida ahamiyatga ega. Agar ARMlarda kitob¬lar yetarli bo‘lsa, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilsa, o‘qituvchi va o‘quvchilar saviyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz. Xo‘sh, bu borada vaziyat qanday?
O‘rganilgan kollejlarimizning aksariyatida ARM faoliyati nisbatan qoniqarli. Viloyat bo‘yicha muxbirimizning qayd etishicha, Navoiy pedagogika va xizmat ko‘rsatish kolleji kutubxonasi kompyuterlar bilan jihozlangan, internetga ulangan, kitob fondi yaxshi.
Ammo ayrim kollejlarimizdagi ARMlar faoliyati o‘quvchilar noroziligiga sabab bo‘layotir. Jumladan, Paxtakor xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Sarvinoz Rahmonberdiyeva shunday deydi:
— Kutubxona faoliyati bizni qoniqtirmayapti. Bizga faqat darsliklar beriladi, badiiy kitoblarni esa, negadir, qizg‘onishadi. Ustiga ustak, kutubxona aksariyat hollarda berk bo‘ladi.
Qiziq, kitoblar o‘quvchilarning foydalanishi uchun emasmi? Aslida, kollejlardagi ARMlar imkoniyatidan nafaqat kollej o‘qituvchi va o‘quvchilari, balki o‘sha hududda istiqomat qilayotgan aholi ham foydalanishi mumkin-ku! Shu bois ARMlarning yopiq turishi achinarli hol. Chust qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejidagi ARMning mavjud darsliklar bilan ta’minlanish darajasi qoniqarli, ammo badiiy adabiyotlar, xususan, yangi alifbodagi kitoblar kam. Umumiy badiiy adabiyot 986 nusxada. ARMdan kollej o‘quvchilaridan tashqari hududning 2000 ga yaqin aholisi ham foydalanishi mo‘ljallangan. Demak, badiiy adabiyotga ehtiyoj qondirilishi uchun izlanish talab etaladi.
Qo‘rqqan — oldin musht ko‘tarar
Shu o‘rinda qiziq bir vaziyatga to‘xtalsak. 14-fevral kuni hududlardagi kollejlar bilan tanishuv jarayonida muxbirlarimizni kollejlarga kiritmaslik, ularga qo‘pol muomalada bo‘lish holatlari ham kuzatilgan. Jumladan, Navoiy viloyati bo‘yicha muxbirimiz Dilafro‘z O‘rozovaga viloyatdagi “Istiqlol” sanoat kasb-hunar kolleji faoliyati bilan tanishishga imkon berilmay, ishlab chiqarish ta’limi ustasi Komil Umarov: “Sizga ruxsat yo‘q, tezroq chiqib keting”, tarzida unga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
Jizzax viloyati bo‘yicha muxbirimiz Abdumannop Azimovning Jizzax tumani “Ittifoq” ijtimoiy-iqtisodiyot va bank kolleji faoliyati bilan tanishishiga kollej direktori o‘rinbosari Jo‘mard Akbo‘tayev qat’iy ravishda qarshilik qilgan.“Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida: “Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga o‘zining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonun hujjatlari bilan, shuningdek hujjatlar, qarorlar va bosh¬qa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishga majburdir”, deya mustahkamlab qo‘yilganidan kollej mutasaddilari bexabar shekilli? Nazarimizda, ushbu kollejlarda muammo va kamchiliklar yetarli va bu holat ma’muriyat tomonidan zo‘r berib xaspo‘shlashga urinilmoqda. Buni boshqacha izohlab bo‘lmaydi.
Farzand, o‘quvchi, fuqaro...
Farzand ota-onaning bebaho boyligi, uning kelajagi, tarbiyasi, hayotda o‘rnini topishida ota-ona kamarbasta, duogo‘y va eng birinchi mas’ul ham.
O‘sha farzand ta’lim maskanining o‘quvchisi, uning ta’lim olishi, jamiyat uchun kerakli inson bo‘lib voyaga yetishida ma’rifat o‘chog‘ining javobgarligi, roli, ahamiyati beqiyos.
O‘sha farzand va o‘quvchi fuqaro hamdir. Uning jamiyatdagi ishtiroki qay yo‘sinda shakllanyapti, ertangi kuni qanday bo‘lishi mumkin, degan savolga jamiyat va davlat, yoinki davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul. Demak, har bir bolaning istiqbolida hammaning o‘z o‘rni, mas’uliyati bor.
Davomatning tagzaminida, eng avvalo, beparvolik yotibdi. Aks holda, ism-familiyasi kollej ro‘yxatida bor tolibi ilmlarning qay bir yurtlarda yurganini qanday tushunish mumkin? Ular o‘zi aslida nima bilan bandlar? Bunga aniq-tiniq javob ham yo‘q.
Shu o‘rinda quyidagi faktlarga e’tibor qaratsak: 2017-yil 14—15-fevral kunlari muxbirlarimiz tomonidan o‘rganilgan kollejlarda 10600 nafardan ortiq o‘quvchidan 2300 nafardan ziyodi darslarga qatnashmaganligi aniqlandi. Ular orasida Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda yurganlar ham bor.
Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, muntazam kelmaydigan 25 nafar o‘quvchining biri Rossiyada, yetti nafari Toshkent shahrida. Kogon qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish, Andijon tuman sanoat-energetika, Galaosiyo iqtisodiyot, Xonqa pedagogika va sport, Chiroqchi tuman qurilish kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari orasida ham Rossiya va Qozog‘istonda yurganlar mavjud...
O‘ylab ko‘ring, oila a’zolari moddiy yetishmovchilikni bahona qilib, farzandimni ishlashga yuborganman, deb tursa, kollej mas’uliyatni ota-onaga yuklasa, mahalla ko‘ra bila turib, ko‘rmaslikka olsa...
Xulosa o‘rnida...
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari, jumladan, kasaba uyushma tashkilotlari, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati olis hududlardagi xonadonlarda bo‘lib, muloqotlar olib borish asnosida ijtimoiy obyektlar, chunonchi, kasb-hunar kollejlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar. Aniqlangan kamchiliklarni hal etish borasida tizimli chora-tadbirlar ham ishlab chiqilmoqda.
Haqiqat shuki, ta’lim olayotgan o‘quvchilar barchamizning farzandlarimiz, ular taqdiriga, kelajagiga befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q”, — deyiladi maqolada.
Izoh (0)