YouTube’ning EverythingApplePro kanali yaratuvchilari shu paytgacha noma’lum bo‘lgan iOS bag haqida ma’lum qildi. Bor-yo‘g‘i uchta belgidan iborat kiruvchi xabar 10.1.1 dan yuqori iOS versiyasi o‘rnatilgan ba’zi iPhone’larni “muzlatib qo‘yish”ga qodir ekanligi aniqlandi, deb yozadi TJournal.
Mazkur muammoni osonlik bilan hal qilish mumkin bo‘lsa-da, video mualliflari bag keng tarqalib ketishi mumkin deb xavfsiramoqda.
Ikkita emoji va bitta raqamdan iborat xabarni ochish shart emas: xabar kelishi bilanoq telefon ekrani javob qaytarmay qo‘yadi. Shundan so‘ng u qayta yuklanadi, biroq foydalanuvchi “Xabarlar” ilovasidan foydalana olmay qoladi.
iOS 10.1.1 versiyasi o‘rnatilgan iPhone egalari bunday xabarlardan ehtiyot bo‘lishi lozim.
Video mualliflari ushbu muammoni hal etish usulini topdi. Buning uchun foydalanuvchi Safari dasturini ochib, “www.vincedes3.com/save.html” manziliga o‘tib, xabarlardagi sahifani ochib, zararli matnni o‘chirishi lozim.
Kanal yaratuvchilari Apple iOS’ning keyingi versiyalarida xatolikni bartaraf etishiga umid bildirgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)