2014-yilning kuzida Android operatsion tizimini ishlab chiquvchilar jamoasiga rahbarlik qilgan Endi Rubin Google kompaniyasini tark etishga qaror qilgan edi, deb yozadi “Ixbt.com” nashri.
2015-yil oxirida Endi Rubin Android bazasidagi yangi qurilmani taqdim etib, smartfonlar bozoriga qaytish niyatida ekanligi ma’lum bo‘lgan edi.
Endi esa Rubin Essential Products kompaniyasiga asos solgani, u haqiqatan ham yangi smartfon ustida ishlayotgani aniq bo‘ldi. Bundan tashqari, kompaniya mobil qurilmalar bozori va “aqlli” uy uchun qurilmali yechimlar bilan shug‘ullanadi. Essential Products’da bor-yo‘g‘i 40 kishi ishlaydi, kompaniya tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan savdo belgilari orasida smartfonlar, planshetlar, mobil qurilmalar uchun aksessuarlar va operatsion tizimlar tilga olinadi.
Manbalar romsiz dizayn hamda aksessuarlar yordamida qurilma funksionalligini kengaytirish imkoniyatiga ega premium smartfonni alohida qayd etmoqda. Bunda gap modulli smartfon haqida bormoqda, uning qo‘shimcha aksessuarlari magnitli tutqichlar yordamida mahkamlanadi. Aksessuarlar nafaqat qurilmaning funksionalligini kengaytiradi, balki qo‘shimcha quvvat manbalari ham bo‘ladi.
Qurilma yil o‘rtalarida taqdim etilishi kerak, uning narxi zamonaviy premium smartfonlar darajasida bo‘ladi, uni ishlab chiqarish bilan Foxconn shug‘ullanishi mumkin.
Izoh (0)