Futbol bo‘yicha Angliya Premyer-ligasida 21-tur bellashuvlariga yakun yasaldi. 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinlar London klublari uchun omadli kelib, “Arsenal”, “Chelsi”, “Vest Hem” va “Tottenhem” yirik g‘alabalarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, oradan bir kun o‘tib Manchester shahri klublari ochko yo‘qotdi.
Turning markaziy o‘yini “Old Trafford” stadionida kechib, “Manchester Yunayted” “Liverpul”ni qabul qildi. Tomonlarning “Enfild”da bo‘lib o‘tgan o‘yinida 0:0 hisobi qayd etilgandi. Bu safar ham g‘olibni aniqlab bo‘lmadi — 1:1.
Hisob birinchi bo‘limda Jeyms Milnerning penaltidan yo‘llagan aniq zarbasidan keyin ochilgan bo‘lsa, o‘yin asosiy vaqti yakuniga 6 daqiqa qolganida Zlatan Ibrahimovich “Yunayted”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golga mualliflik qildi.
Manchester shahrining ikkinchi jamoasi “Siti” esa Liverpul shahrida tor-mor keltirildi. Xosep Gvardiola shogirdlari “Everton”ga qarshi saf tortib, o‘z darvozasidan javobsiz 4 ta gol o‘tkazib yubordi.
21-turdan keyin “Tottenhem” turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Shporlar” ortda qolgan turlar davomida eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘lib turibdi va “Liverpul” bilan teng ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan. Kuchli to‘rtlikni doimgidek “Arsenal” yakunlagan, Manchester shahri klublari keyingi ikki o‘rindan joy olgan.
Angliya Premyer-ligasi 21-tur bellashuvlari 15-yanvar, yakshanba
Izoh (0)