Albaniya elchixonasining muvaqqat vakili Jalol Fayza Serbiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi va unga Fransiyaning Tiranadagi elchixonasi binosi oldida serb milliy bayrog‘i tahqirlangani munosabati bilan norozilik bildirildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Albaniya rasmiylariga huquqbuzarni qidirib topish va uni mahalliy qonunlarga binoan jazolash hamda bu haqda serb tomonini xabardor qilish haqidagi talabnoma yuborildi”, — deyiladi Serbiya TIV bayonotida.
O‘z navbatida, muvaqqat vakil yuz bergan hodisa yuzasidan afsus bildirdi va Belgradning bunga munosabati Albaniya TIVga zudlik bilan yetkazilishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 4-yanvar, chorshanba kuni Fransiya politsiyasi Kosovo sobiq bosh vaziri Ramush Xaradinayni Serbiya orderi bo‘yicha hibsga oldi. Shundan so‘ng Kosovo va Albaniyada norozilik namoyishlari, aksilserb aksiyalari bo‘lib o‘tdi hamda ulardan birida yuqoridagi hodisa yuz berdi.
Izoh (0)