Yangi yil bayrami arafasida Dehqonobod vokzalida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Qarshi–Toshguzar–Dehqonobod” temir yo‘l uchastkalarida elektrlashtirish ishlari yakunlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim tashkil etildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xabar bermoqda.
Unda temiryo‘lchilar, quruvchilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2010-yil 21-dekabrdagi “2011–2015 yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to'g'risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Maroqand–Qarshi temir yo‘li to‘liq elektrlashtirilgan bo‘lsa, hozirgi kunda “Qarshi–Termiz” uchastkasida loyiha doirasida ish qizg‘in davom etmoqda. Umumiy uzunligi 325 kilometrni tashkil etuvchi ushbu yo‘nalishda elektr-montaj ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti. Bu jarayonga 2016-yilning sentyabr oyida kirishilgan bo‘lib, temiryo‘lchilar tomonidan Qarshidan Dehqonobodgacha bo‘lgan 90 kilometrga yaqin masofa to‘liq elektrlashtirildi.
2016-yilning so‘nggi to‘rt oyi davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “1-sonli energomontaj poyezdi” unitar korxonasi xodimlari tomonidan 2000 ta temir-beton ustunlar, 1800 ta konsol, 167 ta metall ko‘ndalang kesmalar, 224 kilometrlik kontakt tarmoqlari qurib bitkazildi.
Izoh (0)