Namangan shahri, G‘uncha ko‘chasida yashovchi fuqaro Dilfuza Boltaboyeva virtual qabulxonaga yuborgan murojaati inobatga olinishi natijasida qizining hayoti qutqarib qolinganidan minnatdor bo‘lib, “Daryo” tahririyatiga maktub yubordi.
“Farzandim Matlubaxon yuragida tug‘ma porogi bilan tug‘ilgan edi. Og‘ir ishlarni bajarolmasdi, ozgina harakat qilsa, charchab qolardi. Shuning uchun har yili shifokorlar ko‘rigidan o‘tib, davolanib keladi. Bu yil u 10 yoshga to‘ldi. Shifokorlar endi qizingizning yuragini operatsiya qildirsa ham bo‘ladi, deyishdi. Lekin operatsiya uchun ketadigan dori-darmonlar, muoalajalarga mablag‘ zarur ekan. To‘g‘risi, bu mablag‘ ayni paytda o‘zimizda bo‘lmagani uchun yordam so‘rab virtual qabulxonaga murojaat qildim.
Murojaatim e’tiborsiz qolmadi. Namangan shahar hokimligi menga amaliy yordam berdi. Homiylik mablag‘i o‘tkazib berildi. Viloyat kardiologiya markazida qizimning yuragini muvaffaqqiyatli operatsiya qilishdi. Hozir Matlubaxonning ahvoli yaxshi, yuragi ham bir maromda ishlayapti.
Shuning uchun eng avvalo shahar hokimligiga, saxovatpesha homiylarga, viloyat kardiologiya markazining salomatlik posbonlariga oilamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu g‘amxo‘rlikkka javoban qizim albatta kelgusida yaxshi oila bekasi, faol inson bo‘lib jamiyatimizga, xalqimizga xizmat qiladi”, — deyiladi maktubda.
Izoh (0)