O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab Surxondaryo va Andijon viloyatlarida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlar, ularning ota-onalari ishtirokida “Mening o‘g‘lim — Vatan himoyachisi” deb nomlangan videomuloqot o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Muzrabot tumani Obod turmush mahallasida istiqomat qilayotgan Toshpo‘lat Suyunov 32-umumta’lim maktabida yosh avlodga ilm-fan sirlarini o‘rgatmoqda. O‘g‘lini Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida kamolga yetkazgan ota uchun askar bo‘lish armonga aylangan edi. Endilikda o‘g‘li Ro‘ziboy Safarov otasining ana shu orzusini ro‘yobga chiqarib, Andijon viloyatidagi harbiy qismlardan birida yigitlik burchini sharaf bilan o‘tamoqda.
“O‘g‘lim Ro‘ziboy bilan faxrlanaman, — dedi Toshpo‘lat aka. — Videomuloqot orqali farzandim bilan diydorlashar ekanman, beixtiyor ko‘z o‘ngimda o‘zimning yoshlik davrim gavdalandi. O‘sha paytlarda askarlarga bugungidek qulaylik ham, ota-onalari bilan muloqot qilishi uchun sharoit va imkoniyat ham bo‘lmagan. Mustaqillik tufayli barchasi o‘zgarib, harbiy libos kiyish sharafga aylandi. Farzandlarimizning Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan ado etishi uchun yaratilgan sharoitlardan ko‘nglimiz xotirjam. Bunday qulayliklarni yaratib berayotgan davlatimizdan minnatdormiz”.
Onlayn muloqot jarayonida andijonlik va surxondaryolik ota-onalar farzandlari bilan ko‘rishdi, ularning askarlik hayoti hamda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bayram bilan tabrikladi.
“Videomuloqot askarlarga ham, ularning ota-onalariga ham katta quvonch va o‘zgacha surur bag‘ishladi, — dedi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M. Yunusova. — Tug‘ilib o‘sgan shahari yoki qishlog‘idan yuzlab chaqirim uzoqda yigitlik burchini o‘tayotgan farzandi bilan bevosita muloqot qilish har qanday onaning ko‘ngliga xotirjamlik, yorug‘lik baxsh etadi”.
Tadbirda harbiylar va ularning onalariga yuksak ehtirom ko‘rsatilib, badiiy jamoalar, taniqli san’atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Mazkur tadbir askarlar va ularning onalarida katta taassurot qoldirdi Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida tinch-osoyishta hayotga shukronalik, harbiy burchga sadoqat, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Videomuloqotda Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)