Yigirmaga yaqin kompaniya, jumladan, Apple, HP, Samsung SDI va Sony ishchilar huquqi buzilishining oldini olishga qaratilgan “Kobaltni mas’uliyatli qazib olish” tashabbusiga qo‘shildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Harakat Xitoy biznes guruhi hamda Xitoy metall, mineral va kimyoviy moddalar importchilari savdo palatasi (kobalt yetkazib berishning katta qismi ushbu davlat orqali o‘tadi) tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ko‘magida tashkil etilgan. Unga qo‘shilganlar tashkilot tavsiyalariga rioya etish va kobalt qazib olinishi, tashilishi, qayta ishlanishi va sotilishini qattiq nazorat qilishni va’da bermoqda.
Dunyodagi kobaltning 60 foizga yaqini Kongoda qazib olinadi. Konda qo‘lda ish olib boriladi, hayotini xavf ostiga qo‘yib mehnat qiladigan ishchilar maoshi esa kuniga 2 dollardan oshmaydi. Washington Post nashrida shu yil e’lon qilingan shov-shuvli tekshiruvda kobalt sanoatiga voyaga yetmaganlar ham faol jalb etilgani, ular kuniga 1 dollar evaziga xomashyo qidirish bilan band ekanligi ma’lum qilingan.
Gazeta materialida kondagi mehnatning inson salomatligi uchun jiddiy asoratlari, jumladan, konchilar bolalaridagi tug‘ma nuqsonlar keltirib o‘tilgan. Kobalt qazib olish atrof-muhitga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.