Yakuniga yetayotgan hafta davomida kamida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ikki marta avtomobillarning ustiga daraxt ag‘anashi holati kuzatildi. Bu haqda o‘zbekistonlik avtohavaskorlarning Facebook’dagi guruhlarida fotoxabarlar qoldirilgan.
27-dekabr kuni e’lon qilingan fotoxabarda Hyundai avtomobili ustiga bir daraxt butun bo‘y-basti bilan ag‘anaganini ko‘rish mumkin. Hodisa Toshkent shahridagi mavzelardan birida yuz bergan.
Foydalanuvchilarning yozishicha, o‘sha tongda kuchli shamol va yog‘ingarchilik kuzatilgan va, “aftidan, daraxt bu bosimga bardosh bera olmagan”.
29-dekabr kuni Chirchiq shahrida “Jiguli” avtomobilining ustiga daraxt ag‘anagan. Foydalanuvchilar qaysidir ma’noda avtomobil egasining omadi kelganini qayd etgan — daraxt shunday qulaganki, uning poyasi “Jiguli”ga kamardek tushib qolgan.
Mazkur surat ostida foydalanuvchilardan biri shunday komment qoldirgan: “Siz bu suratda beg‘araz do‘stlik namunasini ko‘rishingiz mumkin: charchagan daraxt mizg‘ib olishga harakat qilgan, mashina esa, do‘sti ho‘l asfaltda muzlab qolmasligi uchun, g‘amxo‘rlik qilib, unga belini qo‘yib bergan”.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)