“Lukoyl” o‘zining “Lukoyl Oversiz” shu’ba korxonasida qayta strukturalashtirish ishlarini o‘tkazdi. Ushbu korxona kompaniyaning chet eldagi aktivlarini boshqarish bilan shug‘ullanar edi, deb xabar beradi “Kommersant.uz”.
Neft kompaniyasining rahbari Vagit Alekperov “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida shu’ba korxonasi uchga bo‘linib, Dubay, Xyuston va Toshkentda yirik boshqaruv markazlari tashkil etilganini ma’lum qildi.
“Deyarli barchasi tugadi. Endi bizda uchta alohida mintaqa bor: Xyuston, Dubay hamda O‘zbekiston”, — dedi biznesmen.
“Lukoyl” rahbariyati vakili Leonid Fedunning so‘zlariga qaraganda, restrukturizatsiya bozorning bugungi talablariga muvofiq o‘tkazildi. Shu bilan birga, kompaniya chet eldagi butun qayta ishlash jarayonlarini bir strukturaga birlashtirib, boshqaruv ofisini Venaga joylashtirdi. Bundan ko‘zlangan maqsad ma’muriy xarajatlarni qisqartirish edi.
Shu tariqa, “Lukoyl Oversiz” amalda tugatildi. Toshkentdagi markaz O‘rta Osiyoda biznesni boshqarish bilan shug‘ullanadi.
Izoh (0)