Rossiya Tergov qo‘mitasi Irkutsk viloyati mulkiy munosabatlar vazirining o‘rinbosari Yevgeniya Nefedovaga nisbatan “Xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashish” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2008-yilda vazirlik va M.Akperov degan shaxs o‘rtasida yer uchastkasi ijarasi bo‘yicha shartnoma imzolangan. 2015—2016-yillarda bu yerda joylashgan do‘konda uch bor alkogol mahsuloti sotuvi qonun-qoidalari buzilishi aniqlangan. 2016-yil noyabrida yana shunday holat qayd etilgan va bu haqdagi materiallar Nefedovaga yetkazilgan.
Mansabdor sudga shartnomani bekor qilish yuzasidan murojaat etish o‘rniga navbatdagi ogohlantirish bilan kifoyalanadi. Bu do‘kon faoliyati davom ettirilishi va joriy yil dekabrida kishilarning ommaviy zaharlanishiga olib kelgan “Boyarishnik” suyuqligi sotilishiga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Irkutsk viloyatida metil spirtini iste’mol qilish tufayli bugungi kungacha 76 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)