O‘zbekiston bosh vaziri virtual qabulxonasiga sport mavzusida tushayotgan murojaatlar ijobiy hal etilmoqda. Bu haqda “Sport” gazetasi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Toshkent shahar Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar Isaqulova hamda Abduvohid Vahobovning virtual qabulxonaga yo‘llagan maktubidan so‘ng ularning farzandlari: 2009-yilda tug‘ilgan Samina Turdiqulova hamda 2010-yilda tug‘ilgan Abduqodir Abdurahmonov vazirlik tasarrufidagi badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxiralari sport maktabining sog‘lomlashtirish guruhiga joylashtirilgan.
Shu tumanda istiqomat qiluvchi Umida Shokirova yuqoridagi maktab uchun to‘lov miqdori oshib ketgani borasida turmush o‘rtog‘ining II guruh nogironi ekanidan kelib chiqib ariza yo‘llagan. Endilikda uning ikki farzandi 50 foizlik chegirma asosida mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgani aytilgan.
Shuningdek, og‘ir atletika bilan shug‘ullanish istagini bildirgan qashqadaryolik Jahongir Saidov ham maqsadiga yetgan.
Avvalroq “Bunyodkor” futbol maktabiga qabul qilishlarini so‘ragan o‘smirlarning murojaati ijobiy hal qilingani, stol tennisi bilan shug‘ullanish uchun sharoiti yo‘q farg‘onalik qizga esa homiy biriktirilgani aytib o‘tilgandi.
Izoh (0)